“Mahalla yettiligi” qanday ishladi?
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasida “mahalla yettiligi”ning o‘tgan olti oylik faoliyati hamda yil yakuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Samarqand viloyati hokimligi, viloyat sektorlari mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kredit ajratish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, yolg‘iz keksa, nogiron va boshqa shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar tahlil etildi.
– Viloyatda og‘ir mahallalarni namunali hududlarga aylantirish bo‘yicha “Samarqand tajribasi” yaratildi, – dedi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherali Yo‘ldoshev. – Bu borada keng ko‘lamli ishlar tashkil etilib, muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Aholi bandligini ta’minlash hamda daromadini oshirish maqsadida hokimliklar, sektorlar, “mahalla yettiligi” va tijorat banklari hamkorligida 63 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 27 ming 346 ta loyiha uchun 519,2 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi. 6575 nafar yoshga dehqonchilik qilishi uchun 7 ming gektar yer maydoni ajratildi.
“Sayxunobod tajribasi”dan kelib chiqib 16 ming 557 ta xonadon
da intensiv bog‘dorchilik, parrandachilik, chorvachilik, baliq, asal yetishtirish yo‘lga qo‘yildi hamda 2673 ta loyiha shakllantirildi. Har bir mahallada kamida 10 tadan mikro loyihani amalga oshirish bo‘yicha bugunga qadar 130,9 milliard so‘mlik 7464 ta mikro loyihani amalga oshirish boshlandi.
Yig‘ilishda “mahalla yettiligi” tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham tilga olindi.
– Bugungi kunda “yettilik”ning ustuvor vazifasi – mahallani ishsizlik, jinoyatchilik, oilaviy ajrim, migratsiya hamda kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, – deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Nosir Mavlonov. – Biroq mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirayotgan ishlar ustidan doimiy nazorat o‘rnatilmadi va monitoring yuritilmadi. Natijada, viloyatdagi 1126 ta mahallaning 438 tasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yildi. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanida 31 ta, Narpayda 25 ta, Oqdaryo va Nurobodda 19 tadan jinoyat qayd etildi.
Tadbirda kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan “mahalla yettiligi” oldida turgan vazifalar belgilab olindi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari