“Mahalla yettiligi” bo‘yicha o‘quv-seminar
Zarafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yilning 26 sentabr kuni mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida o‘quv- seminar o‘tkazildi.
Unda shahar hokimi Nazirbek Rahmanov hamda sektor rahbarlari tomonidan mahalla raislari, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, profilaktika inspektorlari, tegishli tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.
O‘quv-seminar davomida sektor rahbarlari tomonidan ishtirokchilarga “mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil etishdagi asosiy vazifalar tushuntirib berildi. – Ma’lumki, mahallalarda “beshlik tizimi” tashkil etilgan edi, – deydi shahar hokimi N.Rahmonov. – Davlatimiz rahbari raisligida 26 sentyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ularning o‘zaro muvofiq ishlashida kamchiliklar, juda ko‘p takrorlanishlar borligi, ijtimoiy maqsaddagi mablag‘lar ba’zan samarasiz yo‘naltirilayotganligi, ehtiyojmand aholining masalasini hal qilish viloyat va respublika idorasiga bog‘lanib qolganligi kabi masalalar tanqid ostiga olingan edi. Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tahlil qilinib, tizimni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilandi. Unga ko‘ra, endi mahalla boshqaruviga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi”ni tashkil etish ilgari surildi.
Endilikda “mahalla yettiligi” tomonidan ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar mahallaning o‘zida hal qilinadi. Shuningdek, Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamg‘armalari mablag‘lari har bir mahallaga taqsimlab beriladi.
Mahallada qulay va elektron ish yuritish yo‘lga qo‘yilib, amaldagi “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” o‘zaro integratsiya qilinadi va yagona tizimda mujassamlashtiriladi.
“Mahalla yettiligi” ishini muvofiqlashtirishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytiriladi.
Seminar davomida sektorlar rahbarlari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri