“Mahalla yettiligi” bilimini oshirmoqda
Qorako‘l tumanida “mahalla yettiligi” uchun o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Qorakul tumani hokimi Xurshid Toirov ishtirok etdi.
– Maqsad “mahallabay” ishlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini ta’minlash hamda kasbiy faoliyati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan, –deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Vohid Niyozov. –Dastlab viloyatdagi “mahalla yettiligi”ga daxldor bo‘lgan soha mutaxassislaridan 20 nafar malakali trenerlar tanlab olinib, ular Davlat boshqaruvi akademiyasida tayyorlandi. Ushbu trenerlar tomonidan viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi “Mahalla yettiligi” uchun o‘quv- seminarlar o‘tkaziladi.
O‘quv-seminarlarda viloyatdagi boshqarma, tashkilot va muassasalardan jalb qilingan hududiy trenerlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashish masalalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2023 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan mahalla tizimi faollari zimmasidagi ustuvor vazifalar, mahalla idoralari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari mazmuni to‘g‘risida hamda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorining asosiy vazifalari kabi mavzular yuzasidan zarur ma’lumot va tushunchalar beriladi.
[gallery-15829]
O‘quvlar yakunida ishtirokchilardan test sinovlari olinib, tinglovchilarning mavzular bo‘yicha o‘zlashtirganlik darajasi aniqlanadi.
Ma’lumot uchun: tasdiqlangan reja jadvalga asosan joriy yilning 31 yanvar – 26 fevral kunlari o‘tkaziladigan mazkur o‘quv-seminarlarda viloyatning 544 ta mahallasida faoliyat yuritayotgan 3027 nafar mahalla tizimi xodimi ishtirok etadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari