Mahalla tizimining eng faollari taqdirlandi
Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Obod va xavfsiz mahalla” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ochilishida mamlakatimizda mahalla instituti mavqeini yuksaltirish, uning obod va xavfsizligini ta’minlash, ayniqsa, “Obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyasi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Ayni kunda Andijon viloyatida 882 ta mahalla mavjud bo‘lib, unda 800 mingga yaqin oila istiqomat qiladi. Yurtdoshlarimizda tarbiya, odob-ahloq, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, umuman, juda ko‘p insoniy fazilatlar aynan qadriyatlar beshigi bo‘lmish mahallada shakllanadi. Mahallada ana shu yo‘nalishlarda, qolaversa, “Obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyasi doirasida olib borilayotgan ishlar sifati va ko‘lamini, mahallaning jamiyat, inson hayotidagi o‘rni va rolini yanada oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovda uning tuman, shahar bosqichlari g‘oliblari orasidan belgilangan mezon hamda shartlar asosida eng yuqori natijalarga erishgan mahalla fuqarolar yig‘inlari aniqlandi.
Dastlab viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari M.Nishonov viloyat hokimining g‘olib va ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
[gallery-903]
– bugungi kunda o‘zini o‘zi boshqarish organlari zimmasiga 30 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha muhim vazifalar yuklatilgan, – deydi Andijon viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari O‘ktamjon Oxunov. – Mahallalarning ko‘p qirrali faoliyatini, obodonlashtirish va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ibratli ishlarini baholash oson kechmadi.
Tadbirda “Eng fidoyi mahalla raisi”, “Mahalla raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha eng mahoratli o‘rinbosari”, “Mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha eng faol o‘rinbosarlari”, shuningdek, “Mahalla raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha eng tashabbuskor maslahatchisi”, umuman, 25 nominatsiya bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Tanlovda “Eng fidoyi mahalla raisi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lganimdan behad mamnunman, – deydi Andijon tumanidagi Orol mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Matlubaxon G‘aniyeva. – Ushbu e’tirof nafaqat meni, balki mahalla yetakchilari, faollari, qo‘yingki, butun mahallamiz ahlining hamjihatlikda olib borgan mehnatlariga berilgan bahodir. Mazkur muvaffaqiyat meni yanada faol va fidoyi bo‘lib ishlashga undaydi.
Shuningdek, tadbirda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlashda hamkorlik qilayotgan tashkilotlar vakillari, xususan, “Eng fidoyi sektor rahbari”, “Fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha eng fidoyi o‘rinbosari”, “Profilaktika inspektorining eng faol yordamchisi”, “Eng faol xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor” kabi qator nominatsiyalarda g‘oliblar taqdirlandi.
Faxriddin UBAYDULLAEV,
Zuxriddin UMRZOQOV (surati),
O‘zA