Mahalla tizimidagi yangi vazifalar belgilandi
Toshkent viloyati Nurafshon shahrida Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashining tashkiliy yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dastlab Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarga e’tibor qaratildi.

Viloyat hokimi mazkur hujjatlarning muhim jihatlariga to‘xtaldi. Xususan, endilikda “mahalla yettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq holatlar tahlil qilindi. Joriy yildan boshlab “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam va subsidiyalar ajratishda byurokratiyadan xoli va mahallaning hamjihatligi aks etuvchi yangi tartib joriy etiladi.

64 turdagi ijtimoiy yordam turlarini ko‘rsatish va subsidiyalar ajratishdagi muhim masalalar “mahalla yettiligi”ning kollegial qarorlari asosida amalga oshiriladi. Hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va ijtimoiy xodim ularga yuklatilgan vazifalar yuzasidan jismoniy shaxslarni tegishli daftarlarga kiritish va chiqarish hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish bo‘yicha hujjatlarni shakllantirib, mahalla “yettiligi”ning boshqa barcha a’zolariga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi.
Yig‘ilishda aynan shu jarayonlarni tashkil etishga mas’uliyat bilan yondashish kerakligi aytib o‘tildi.

Viloyatdagi 1 ming 25 ta mahalladan 92 tasida hanuzgacha xizmat binosi mavjud emas. Jumladan, Bo‘stonliq, Parkent, Chinoz, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l, Bo‘ka, Zangiota, Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Bekobod tumanlari, Angren, Olmaliq shaharlarida shunday muammo mavjud. Shuningdek, xizmat binosiga ega bo‘lgan 933 ta mahalladan 356 tasida “mahalla yettiligi” uchun sharoit yaratilmagan, 327 tasining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan. O‘z navbatida, 64 ta mahalla binosini rekonstruksiya va kapital ta’mirlash zarur.

– Bunday holatlar mahalla fuqarolar yig‘inlarining binolari va moddiy- texnika bazasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha qilinadigan ishlar ko‘pligini ko‘rsatadi, – deydi Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev. – Endilikda hududiy kengash raisi sifatida mahallalarda barcha sharoitlarni yaratib berish hokimlar zimmasidagi eng birinchi vazifa bo‘lishi kerak.
Kengash yig‘ilishida O‘zbekiston mahallalari uyushmasining ta’sis konferensiyasiga delegatlar saylandi.

A.Musayev, D. Ernazarov(surat), O‘zA muxbirlari