Mahalla obod bo‘lsa, yurt obod bo‘ladi
22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni
Andijonda “Mahalla – jamiyatimizning yorug‘ yuzi va vijdon ko‘zgusi” g‘oyasi ostida qator ma’naviy-ma’rifiy, madaniy ko‘ngilochar va sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan “Mahalla tizimi xodimlari kuni” munosabati bilan “Mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash haftaligi” doirasida tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida, mahallalarda yuqori ko‘tarinkilik bilan bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimiz Oliy Majlisga murojaatida mahalla tizimi, uning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, Prezidentimizning: “Islohotlarimiz natijalari, bo‘layotgan o‘zgarishlar va aholining kayfiyati avvalo mahallada seziladi. Shu ma’noda, “mahalla – jamiyatimizning yorug‘ yuzi va vijdoni ko‘zgusi”, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natijani ta’minlashi shart”, degan fikrlari mahallaning rolini oshirish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, mahalla Vatan ichra kichik vatan hisoblanadi. Zero, Vatan taraqqiyoti, uning gullab-yashnashi, odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi, ayniqsa, yoshlarimizning bilimdon, o‘qimishli, kasb-hunarli, tarbiyali, umuman, har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishida mahallaning o‘rni beqiyos.
Haftalik doirasida madaniyat, ma’naviyat, adabiyot va san’at namoyondalari, yozuvchi va olimlar ishtirokida mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy, madaniy ko‘ngilochar tadbirlar, shuningdek, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida milliy o‘yinlar, ommaviy sport turlari bo‘yicha musobaqalar, ko‘rik-tanlov hamda xayriya tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Qator tuman va shaharlarda yangi qurilgan “Nuroniylar maskan”lari, “Mahalla markazi” majmualari, “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari”, mahalla fuqarolar yig‘inlari idoralari, aholini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari, og‘ir turmush sharoitlarida yashayotgan xotin-qizlar uchun ajratiladigan uy-joylar, davolash muassasalari foydalanishga topshirilmoqda. Masalan, Xo‘jaobod tumani “Navbahor”, Marhamat tumanidagi “Dukchi eshon” mahalla fuqarolar yig‘inlarining zamonaviy, barcha qulayliklarga ega idoralari ish boshladi.
– Mahallamizda 3 ming 200 nafardan ziyod aholi yashaydi, – deydi Buloqboshi tumanidagi Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhammadyunus Jalilov. – Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Mahalla kuni munosabati bilan hududimizda “Shirmonbuloq shifo” davolash markazi ishga tushdi. – Endi mahalladoshlarimiz shu yerning o‘zida davolanib, salomatligini tiklashi mumkin. Eng asosiysi, davolash maskani ishga tushishi bilan mahallamizdagi ishsiz hamshiralar doimiy ish bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
Viloyatdagi qator mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi maxsus sertifikatlar topshirildi.
– Men tikuvchilik yo‘nalishida o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yish maqsadida kredit olish bo‘yicha murojaat qilgan edim, – deydi Andijon shahridagi Gumbaz mahallasida yashovchi Dilfuzaxon Ro‘zimatova. – Mutaxassislar imkoniyatlarimni o‘rganib chiqdi, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha maxsus kursda tahsil oldim. Menga imtiyozli kredit olish uchun sertifikat taqdim etildi. Nasib etsa, kreditni olib, ish boshlayman, oilamga daromad kiritish uchun astoydil harakat qilaman.
“Mahalla tizimi xodimlari kuni” tadbirlari doirasida tuman, shaharlardagi qator namunali mahallalarning ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish bo‘yicha seminarlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, joylarda “mahallabay” asosida yolg‘iz yashovchi keksalar holidan xabar olindi, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatildi, ehtiyojmand oilalarning xonadonlarida hasharlar o‘tkazildi.
– Mahalladoshlarimga, saxovatli insonlarga rahmat, – deydi Xo‘jaobod tumani Qurama mahallasida yashovchi Anorxon Kelbo‘tayeva. – Sharoitimiz ancha og‘ir, xonadonimiz ham qarovsiz holatda edi. Tuman mahalla bo‘limi hashar uyushtirib, pishiq g‘isht keltirib berdi, tomorqamizni ham tartibga solib berishdi. Bundan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi.
Barcha tuman va shaharlarda “Eng obod ko‘cha”, “Eng obod ko‘p qavatli uy”, “Eng orasta xonadon”, “Eng namunali xonadon”, “Men o‘qigan kitob”, “Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla” singari ko‘rik tanlovlar, “Mahallam – mening nigohimda” rasmlar va fotosuratlar tanlovi, nuroniylar o‘rtasida “Aql charxi” shaxmat musobaqalari, “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida mahallalarda millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar, turli millatlarning amaliy san’at, hunarmandchilik buyumlari, liboslari ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Mahalla – jamiyatimizning yorug‘ yuzi va vijdon ko‘zgusi” g‘oyasi ostida “Mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash haftaligi” doirasidagi tadbirlar yuqori ko‘tarinki kayfiyat va aholining faolligi bilan bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu tadbirlar mahallaning jamiyadagi o‘rni va nufuzini oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, yurtdoshlarimiz o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashga, qolaversa, odamlarni o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlari, qalblarida ertangi kunga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-1699]
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA