“Mahalla kubogi” musobaqasi
Jizzax viloyatining Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanida 13-16 yoshli o‘smir o‘g‘il va qizlar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha “Mahalla kubogi” turnirining shahar, tuman bosqichlari o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mahalla va qishloqlarda yoshlarni ommaviy sport turlariga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
O‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan stol tennisi bo‘yicha “Mahalla kubogi” respublika turniri 4 bosqichdan iborat. 1-bosqich bellashuvlari mahallalarda, 2-bosqich shahar va tumanlarda, 3-bosqich musobaqalari viloyatlarda va nihoyat 4-bosqich, ya’ni “Mahalla kubogi” respublika turnirining finali o‘tkazilib yakun topadi.
Musobaqa Nizom qoidalariga to‘liq rioya etgan holda turnirning Jizzax shahar bosqichi “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 15-sonli umumta’lim maktabida tashkil etildi.
[gallery-9547]
– Turnirning 1-mahallalararo bosqichida shahardagi mavjud 34 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan jami 260 nafar 13-16 yoshdagi o‘smir o‘g‘il-qiz bolalar ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 22 ta jamoadan 44 nafar o‘smirlar juftligi g‘oliblik uchun bellashmoqda. Bular orasida g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar viloyat bosqichida shahrimiz sharafini himoya qiladi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax shahar bo‘linmasi boshlig‘i To‘lqin To‘raqulov.
Xuddi shu turnirning Sharof Rashidov tumani bosqichi o‘tkazilgan “Yoshlar sport majmuasi”da tumandagi 48 ta qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarining 1-mahalla bosqichida 280 nafardan ortiq 13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smir o‘g‘il-qiz bolalar ishtirok etib, unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 26 nafar yosh stol tennischilar tuman bosqichida viloyat bosqichi yo‘llanmasi uchun bellashdi.
– Ushbu musobaqa Nizomiga ko‘ra jamoalar tarkibiga imkon qadar huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan yoki ichki ishlar idoralari hisobida turgan, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”dagi oilalar, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarning 13-16 yoshdagi o‘smir o‘g‘il va qiz bolalari jalb etilishi ta’kidlangan. Ular orasida sport ommaviyligini oshirish, zararli odatlarga o‘rganishdan saqlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etib, sog‘lom turmush tarzini singdirish – ushbu turnirimizning asosiy maqsad va vazifasidir, – deydi Sharof Rashidov tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, tuman stol tennis federatsiyasi raisi Anvar Toxirov.
Har ikki hududda o‘tgan “Mahalla kubogi” turniri g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA