Mahalla: ilg‘or tajribalar ijobiy samara bermoqda
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda mahallalar mavqeyi takomillashib, ularni boshqarishda yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.
– Barcha hududlarda aholi va davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ishlar amalga oshirildi,– deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Amudaryo tuman bo‘limi boshlig‘i Alisher Yuldashev. – Xususan mahallalar obodligini ta’minlash, shu jumladan, “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlarini joriy etishda aholining faol ishtiroki va mas’uliyatini oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, har oyda bir marotaba mahalladagi barcha ko‘chalarda kamida har bir mahalladagi 2 ta ehtiyojmand oilaning ta’mirtalab xonadonida qo‘ni-qo‘shnilarni jalb etgan holda, hashar tashkil qilinmoqda. Jumladan, tuman bo‘yicha 6 oy davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 180 ming tup daraxt va buta ko‘chati ekish reja qilinib, shundan 74 ming 280 tup qalamcha va 82 ming 720 tup mevali, manzarali va boshqa turdagi ko‘chatlar ekildi.
Milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni targ‘ib qilish, sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni saqlash, to‘y-marosimlarni isrofgarchiliklarsiz ixcham o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida jami 275 nafar madaniyat xodimi, yozuvchi va shoirlarning aholi bilan milliy qadriyatlar va urf-odatlarni saqlash, to‘y-marosimlarni ixcham o‘tkazish bo‘yicha uchrashuvlari belgilangan reja grafik asosida tashkil qilinib o‘tkazildi.
Mahallalarda tomorqasi mavjud bo‘lgan xonadonlardagi 4 ming 332 gektar tomorqa yer maydoniga ozuqabop ekinlar ekildi. Har oyda barcha mahalla fuqarolar yig‘inlariga biriktirilgan davlat organlari vakillarining hududda amalga oshirgan ishlari yuzasidan axboroti eshitilib, muammolarni hal etishda ko‘maklashib kelinmoqda.
Bundan tashqari, aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganish natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mahalla, sektor va tuman kesimida amalga oshiriladigan vazifalar bo‘yicha “Yo‘l xarita”lar ishlab chiqildi hamda ijrosi ta’minlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan tumandagi 49 ta mahalla fuqarolar yig‘inining har biriga 500 million so‘mdan ajratilgan mablag‘ hisobidan 224 ta loyiha rejasi bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Maxsus dasturlar asosida mahalla ijro platformasi tashkil qilinib, xonadon, oila va aholi soni kiritilmoqda. Yil yakunigacha har bir mahalla yettiligiga yillik ish rejalar ishlab chiqilib, aholining turmush sharoitni yaxshilash bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi. “Sayxunobod” tajribasi bo‘yicha ham ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazildi. Shundan, “Uychi” tajribasiga asosan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan aholining 77,5 foizi, ya’ni 83 ming 355 nafar fuqaro xatlov qilinib, 1 ming 18 nafarining doimiy ish bilan band qilish kerakligi aniqlandi.
[gallery-18576]
Shuningdek, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari tomonidan o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida jami 94 nafar fuqaroga 695 million 200 ming so‘mlik subsidiya berildi. “Yoshlar daftariga” kiritilgan 634 nafar yoshga 1,5 milliard so‘mlik subsidiya ajratildi. Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan jami 38 nafar fuqaroga “A’zolik badali” xarajatlarini qoplash hamda “Ustoz shogird” an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash uchun subsidiya ajratildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.