Mahalla hayotidagi muhim masalalar muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ruslan Jumamuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Toshloq” va “Qutli makon” mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari hamda faollar bilan uchrashdi.
Muloqot davomida hududlarda aholini qiynayotgan, mahallalar rivoji va fuqarolar farovonligiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishda suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar alohida qayd etildi. Mahalla hududida tomorqa yerlariga ishlov berish, ekinlarni parvarishlash va yerning unumdorligidan to‘liq foydalanish uchun oqava suvga ehtiyoj yuqori ekani ta’kidlandi. Mazkur masalaning ijobiy hal etilishi tomorqalardan unumli foydalanish, oilalarning o‘zini o‘zi band qilishi, daromadlarini oshirish hamda hududda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, norasmiy mehnat munosabatlarini tartibga solish va amalda mehnat qilayotgan fuqarolarning bandligini qonuniylashtirish masalasiga e’tibor qaratildi. Bugungi kunda ayrim fuqarolar rasman ishsiz sifatida qayd etilgan bo‘lsa-da, amalda oshxona, do‘kon va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida kunlik mehnat bilan shug‘ullanmoqda. Bunday holat ularning haqiqiy bandligini to‘liq hisobga olish, mehnat faoliyatini qonuniy asosda yuritish hamda kelgusida pensiya ta’minoti va boshqa ijtimoiy kafolatlardan foydalanish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois norasmiy mehnat bilan band fuqarolarni qonuniy mehnat munosabatlariga jalb etish, ish beruvchilar uchun rasmiylashtirish jarayonlarini qulaylashtirish va fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish muhim vazifa ekani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida ko‘tarilgan masalalarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish, ularning amaliy yechimini topish hamda zarur hollarda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri