Mahalla fidoyilari sharaflandi
Surxondaryoda 22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni keng nishonlandi.
Termiz shahrida sana munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, barchani Mahalla tizimi xodimlari kuni, Navro‘z umumxalq bayrami va muqaddas Ramazon oyi bilan samimiy tabrikladi. Mahallalarga fayzu barokat, xonadonlarga tinchlik, to‘kinlik tiladi. Mahallalarni qo‘llab-quvvatlab, yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini ta’minlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini sifatli amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.


O‘tgan yil vohadagi 110 ta mahalla idorasiz faoliyat yuritayotgan edi. Yangi yilgacha 57 ta mahallaga namunaviy loyihalar asosida yangi bino qurilib, foydalanishga topshildi. Joriy yil boshidan yana 53 ta mahalla idorasi uchun yangi binoga poydevor tashlandi.

Viloyatda haftaning shanba kunlari hashar o‘tkazilib, “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlari doirasida 104 ming 45 ta xonadon sohibi o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, 7 ming 219 ta xonadon homiylar yordamida obodonlashtirildi. Ko‘p qavatli uylar atrofidagi 3 ming 505 metr uzunlikdagi ariq va lotok, 826 ta kirish yo‘laklari tozalandi. Ko‘p qavatli uylarning 562 ta kirish yo‘lagi, 346 ta uyning fasad qismi ta’mirlandi.

“Obod ko‘cha” mezoni bo‘yicha 724 ta mahalladagi 10 ming 198 ko‘chada obodonlashtirish ishlari olib borildi, 905 kilometr ariq va lotok tozalandi. 152 ta ko‘chaning 91 chaqirim uzunlikdagi qismiga asfalt yotqizildi. 103 ta ko‘chaning 268 kilometr uzunlikdagi qismiga shag‘al to‘shaldi. 687 ta tashqi yoritish ustuni o‘rnatilib, 696 ta sport maydoni tartibga keltirildi. Ko‘cha bo‘ylaridagi 2 ming 966 ta xonadonning tomorqa yer maydonlari chopilib, shudgorlandi.

Yakunlangan yilda mahallalardagi 11 mingdan ortiq oila kambag‘allikdan chiqarilib, vohaning kambag‘allik darajasi 7,9 foizga tushirildi. Bu yil 425 ming yangi ish o‘rni yaratib, 24 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish va kambag‘allik darajasini 4 foizga tushirish mo‘ljallanmoqda.

Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida vohadagi tomorqa suvi, yo‘l va elektr ta’minoti og‘ir bo‘lgan 77 ta mahalla tanlab olinib, infratuzilmani yaxshilash, aholiga munosib sharoit yaratish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Navro‘z umumxalq bayrami arafasida 15 ta og‘ir mahallaning yangilangan sug‘orish tizimi foydalanishga topshirilib, tomorqalarda ekin yetishtirish uchun qulay imkoniyat yaratildi.

Tadbirda 14 nafar mahalla yettiligi xodimi va faollariga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi. Bir guruh mahalla yettiligi va faollari viloyat hokimining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri