Mahalla ahliga bayram tuhfasi
Mamalakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida Andijon shahridagi “To‘qqizariq” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Andijon shahar hokimligi mutasaddilari, nuroniylar, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida mahalla fuqarolar yig‘ini yangi binosining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda mahalla tizimiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun moslashtirilgan yangi binolar barpo etilib, samarali faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligi alohida ta’kidlandi.


– Mahallamiz shahardagi eng katta mahallalardan biri, – deydi “To‘qqizarik” MFY raisi Hotamjon Ahmedov. – Hozirda mahalladagi 12 ta ko‘cha, 1 ming 100 ga yaqin xonadonda 6 ming 300 nafardan ziyod aholi yashaydi. Avval mahalla fuqarolar yig‘inining alohida binosi bo‘lmagan, ko‘p joylarga ko‘chib ishlagan, qiyinchiliklar bo‘lgan. Hokimlikning e’tibori va ko‘magi bilan yangi bino barpo etilganidan fuqarolarimiz behad mamnun. Yangi bino mahalla ahli uchun mustaqillik bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi mahallaning o‘z mablag‘lari hamda tadbirkorlar Latifjon va Orifjon Rahmatullayev hamkorligida davlat sherikchiligi asosida barpo etildi. Qurilish-jihozlash ishlari uchun qariyb 1,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.



Mahalla ko‘rkiga ko‘rk bo‘lgan ikki qavatli mahalla idorasi binosida, shuningdek, tibbiyot punkti, ustaxona, savdo do‘koni ham faoliyat ko‘rsatadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, mazkur ob’ektning ishga tushishi bilan mahalla aholisiga qator qulayliklar yaratiladi.
Yangi bino “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda jarayonlarni elektron tizim asosida yo‘lga qo‘yish uchun zarur barcha jihozlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri