Mag‘rur xilpirayver, vatan bayrog‘i
Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun katta tantana qilindi.
Jizzax shahri ko‘chalari O‘zbekiston Respublkasi bayrog‘ini ko‘targan turli yoshdagi kishilar bilan gavjum bo‘ldi.
Alisher Navoiy ko‘chasidan boshlangan milliy gvardiya texnikasi, otliqlar, harbiy qismlar askarlari, velospedchilar, “Vatanparvar” tashkiloti a’zolari, “Temuriylar izdoshlari” nodavlat ta’lim muassasaalari o‘quvchilaridan iborat yuzlab saf yurish qatnashchilari oqimi Sharof Rashidov shoh ko‘chasi bo‘ylab O‘zbekiston bayrog‘i eng baland 60 – metrga ko‘tarilgan bosh maydoni tomon harakatlandi. Yurish qatnashchilari safi yangi qo‘shilganlar hisobiga to maydonga yetguncha tinimsiz ortib bordi. Saf yurishi qatnashchilari jonajon O‘zbekistonimizning moviy, zangori oppoq ranglarga uyqash, hilol Oy va kumush yulduzlar jilolari bilan mag‘rur xipirab turgan bayrog‘i ostiga to‘plaganda ularning soni yana ko‘paydi. Garchi bugun birinchi qor yog‘ib, xavo ancha sovuq bo‘lsada odamlarning kayfiyati ko‘tarinki edi.
Qayta qurilib, odamlarning sayr qilib, dam olishlari uchun xushmanzara maskanga aylantirilgan viloyat bosh maydonida davlatimiz ramzi bo‘lgan bayroqning xilpirab turishi odamlar qalbiga ona Vatan mehrini singdirib, kelajakka ishonch bilan boqishga ruhlantirdi. Odamlar bir-birlarini bayram bilan qutlashdi, Vatan ramzi bo‘lgan bayroqni madh etuvchi she’rlar o‘qildi.
[gallery-81]
Tantanalar Yunus Rajabiy nomli viloyat musiqali drama teatrida davom etdi. Bayram qatnashchilari xuzurida viloyat xokimi Ergash Solev so‘zga chiqib, barchani davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun bilan tabrikladi. Hokim Vatanning suvrati, mehru tarovati, xalqning mardonavor o‘tmishi, bugungi fidokorligi va istiqboli aks etib turgan bayrog‘imiz barchamizning qalbimizni faxr va g‘ururga to‘ldirishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan bayram tadbirlari san’at ustalari, viloyat badiiy jamoalari va yosh san’atkorlarning gala konserti bilan davom etdi.
O‘zbekiston Bayrog‘i qabul qilingan kun viloyat tumanlarida ham tantanali nishonlandi.
T. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), O‘zA