Mag‘rur hilpirayver, O‘zbekiston bayrog‘i!
Kecha maktabda o‘qiydigan o‘g‘lim yonimga kelib: – Dada, bayrog‘imiz haqida she’r yodladim, aytib beraymi? – deb qoldi.
Tasdiq ishorasini olgach, shosha-pisha she’rni aytishga tushdi. Birdan xayolimga kelgan fikrni amalda sinamoqchi bo‘ldim. Xonamga kirib stolim ustida turgan mo‘’jazgina davlatimiz bayrog‘ini olib chiqib, uning qo‘liga tutdim va she’rni boshidan aytishini aytdim.
Birdan o‘g‘lim gavdasini g‘oz tutib, qo‘lidagi bayroqqa bir qur nazar tashladi. So‘ng jiddiylashgan ko‘yi she’rni dona-dona qilib, shoshilmay o‘qiy boshladi. Ko‘zlari chaqnab, nedir g‘urur va viqor bilan, tantanavor tarzda bayroq haqidagi satrlar uchardi uning tilidan...
Ha, bejiz davlat ramzi deb atalmaydi gerb, madhiya va bayroq. Ularning har biri mustaqilligimiz, jahonda tenglar ichra tengligimiz, hech kimdan kam emasligimiz, asosiysi, suveren mamlakatda yashashimiz, shu yurtning erkin fuqarosi ekanligimizdan darak berib turadi. Xalqimizning shon-sharafi, sha’ni, tarixiy xotirasi va maqsad-intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta hayot, ko‘z qorachig‘idek asrashimiz lozim bo‘lgan buyuk istiqlol, yorug‘ kelajakka bo‘lgan so‘nmas ishonchimiz ifodasidir. Mustaqilligimizning timsollaridan biri – O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli sifatida namoyon bo‘ladi. Turli xalqaro anjuman va tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida, bayram va tantanalarda hilpirab turgan bayrog‘imiz barchamizning qalbimizga g‘urur-iftixor bag‘ishlab turadi.
E’tibor berganmisiz, davlat tashriflari, xalqaro sport musobaqalarida davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz jarang sochgan onlarda tanangizda titroq turib, beixtiyor ko‘zga yosh keladi... Bu nimadan darak? Yuraklar qat-qatiga jo bo‘lgan Vatan hissining junbushga kelishimi yo qonimizda oqayotgan ajdodlar ruhining salobati-yu, ularga ehtirom, bugungidek tinchlik va farovonlik uchun jon olib-jon bergan xalqimiz orzu-umidlari ro‘yobi uchun shukronalik, quvonch ifodasimi?
Tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Amir Husaynga qarshi jangga kirishdan avval Amir Temur bobomizga piri Sayid Baraka bayroq va nog‘ora taqdim etgan. Sohibqiron hokimiyat tepasiga kelganidan keyin ham davlat ramzlariga katta ahamiyat bergan. “Jang vaqtida agar bitta jangchi tirik qolsa ham, u mamlakat bayrog‘ini baland tutsin”, deya farmon bergan ekan. Chunki davlat bayrog‘ining egilishi, yerparchin bo‘lishi o‘sha davlatning jangda mag‘lub bo‘lganini bildiradi. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari – tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu esa saltanat ramzlari nechog‘li baland maqom tutganidan dalolat beradi.
Bugun dunyoning turli burchaklarida, nufuzli tashkilotlar qoshida, Prezidentimiz ishtirok etayotgan xalqaro anjumanlarda davlatimiz bayrog‘i xalqimizning azaliy orzu-maqsadi – tinchlik, xotirjamlik, poklik va tabiatga mehr, musaffo osmon va elimiz birligidan darak bergancha mag‘rur hilpirab turadi.
Mustaqil davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz timsoli bo‘lib hamisha baland-balandlarda hilpirayversin. Zero, biz unda zahmatkash, mehmondo‘st jonajon xalqimizni, istiqboli porloq yangi O‘zbekistonimizni, bir so‘z bilan aytganda, ona Vatanimizni ko‘ramiz, his qilamiz. Ona yurtimizdagi tinchlik va osudalik hech qachon bizni tark etmasin, bayrog‘imiz baland-balandlarda O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon yurt sha’ni, shonu shavkatidan darak berib hilpirayversin. Qalbimizda faqat bir so‘z – muqaddasdir Vatan bayrog‘i.
M.Sulaymonov, O‘zA