Magnus Karlsen chempion bo‘ldi (+video)
25-30 dekabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha VI jahon chempionati yakunlandi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan mazkur musobaqasida dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan 300 nafardan ko‘proq shaxmatchi. ishtirok etdi.
Umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million AQSH dollarini tashkil etadigan mazkur jahon chempionati dasturiga ko‘ra, 26-28 dekabr kunlari 13 turda rapid, 29-30 dekabr kunlari esa 21 turda blits musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Rapid yo‘nalishida amaldagi jahon chempioni, norvegiyalik Magnus Karlsen 10 ochko jamg‘argan holda VI jahon chempionati g‘olibi bo‘ldi. Sloveniyalik Vladimir Fedoseyev ikkinchi, xitoylik Yangyi Yu uchinchi o‘rinni egalladi.
2021 yilgi jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov mazkur yo‘nalishda 9 ochko bilan 11-o‘rinni egalladi va hamyurtlarimiz orasida eng yaxshi natijani qayd etdi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda FIDE bayrog‘i ostida ishtirok etgan Anastasiya Bodnaruk birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, 2023 yilgi jahon chempioniga aylandi. Hindistonlik Humpi Kaneru kumush, xitoylik Tingji Le bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Yurtimiz shaxmatchi qizlari orasida eng yaxshi natija Afro‘za Hamdamovaga tegishli bo‘ldi.
Bugun blits yo‘nalishi bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Chempionatning rapid yo‘nalishida chempionlikni nishonlagan norvegiyalik Magnus Karlsen 16 ochko bilan blitsda ham birinchi bo‘ldi. FIDE bayrog‘i ostida bahslarda qatnashgan Daniil Dubov va Vladislav Artemiyev ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni band etdi.
Ushbu yo‘nalishda shaxmatchi xotin-qizlar bahslarida ham FIDE bayrog‘i ostida o‘ynab 14 ochko jamg‘argan Valentina Gunina VI jahon chempionati chempioni deb e’tirof etildi. Shvetsariyalik Aleksandra Kostenyuk ikkinchi, xitoylik Zu Jinner uchinchi o‘rinni egalladi.
[gallery-15290]
Hamyurtlarimizdan erkaklar orasida eng yaxshi natijani Shamsiddin Vohidov hamda Nodirbek Yakubboyev 12,5 ochko bilan qayd etdi. Qizlar orasida Umida Omonova 9,5 ochko to‘pladi.
Chempionat bahslari yakunlangach ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Tashkilotchilar besh kun davom etgan chempionat yuqori saviyada tashkil etilgani va o‘tkazilganini ta’kidladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/SXYvOA8c_BQ?si=YLXuYs4L5t4YroRc" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Tantanali taqdirlash marosimida g‘oliblarga chempiont medallari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Marosimda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) vitse prezidenti Mayir Mamedov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari Alisher Sa’dullayev ishtirok etdi.
G‘olib Hasanov, Almurod Mamadaminov (surat),
Alisher Isroilov(video), O‘zA muxbirlari.