Magistrantlar xalqaro tajriba almashinuvida ishtirok etmoqda
Ayni kunlarda Navoiy davlat universitetining Rus tili va adabiyoti mutaxassisligi 2-bosqich magistrantlari Belarus Respublikasidagi Polotsk davlat universitetida “1+1” qo‘shma ta’lim dasturi doirasida malaka va tajriba almashmoqda.
Universitet axborot xizmatining ma’lum qilishicha, magistrantlarga universitet Registrator ofisi direktori, dotsent Dilorom Shamsiyeva rahbarlik qilmoqda.
Tashrif doirasida tashkil etilgan uchrashuvlardan so‘ng magistrantlar uchun rus tili o‘qituvchilari ishtirokida master-klass o‘tkazildi.

– Tadbirda masofaviy ta’lim jarayonida keng qo‘llanilayotgan Moodle platformasidan samarali foydalanish, shuningdek, zamonaviy elektron o‘quv-uslubiy majmualarni yaratish bo‘yicha amaliy tajribalar namoyish etildi, – deydi D.Shamsiyeva. – Magistrantlar universitetning ta’lim jarayoni, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, axborot-resurs markazi hamda muzey faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shu bilan birga, ular belaruslik talabalarning diplom ishlari himoyasi jarayonida ishtirok etib, xalqaro akademik muhit va ilg‘or ta’lim tajribalarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.


Albatta, bu kabi xalqaro hamkorlik dasturlari yosh tadqiqotchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish va ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri