Madaniyatlararo muloqot – o‘zaro ishonch va barqarorlik demak
O‘zbekiston SHHTning madaniy loyihalarida faol ishtirok etib, kino, teatr, musiqa, raqs san’ati va muzeylar faoliyati yo‘nalishlarida yaqin strategik davlatlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ayni kunlarda Namangan shahrida uchinchi xalqaro maqom san’ati anjumani qizg‘in ruhda davom etmoqda. San’at shinavandalari dunyoning turli burchaklaridan kelgan jamoalar hamda xonandalar ijrosida klassik taronalar va navolardan bahramand bo‘lish asnosida, ishtirokchilar maqom yo‘nalishida ilmiy-amaliy muzokaralarda dolzarb mavzularni muhokama qilishayotir.
Nufuzli anjuman doirasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar ishtirokida “Madaniyatlararo muloqot – tinchlik, o‘zaro ishonch va barqarorlik omili” mavzusida forum ham ayni shunga qaratildi.


Forumda yirik tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi madaniyatlararo hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, umumiy madaniy merosni asrab-avaylash masalalari xususida so‘z bordi.
Unda SHHTga a’zo mamlakatlarning madaniyat vazirlari, “AYSESKO”, “YUNESKO”, Turkiy davlatlar tashkiloti, “TURKSOY”, Turkiy madaniyat va meros fondi kabi xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, san’at va madaniyat sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston SHHTning madaniy loyihalarida faol ishtirok etib, kino, teatr, musiqa, raqs san’ati va muzeylar faoliyati yo‘nalishlarida yaqin strategik davlatlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.


So‘zga chiqqanlar aytib o‘tishganidek, madaniy-gumanitar hamkorlik SHHT faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Tashkilotga a’zo davlatlar o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va madaniy xilma-xillik tamoyillari asosida hamkorlikni izchil rivojlantirib kelmoqda.
Joriy yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil topganining yigirma besh yilligi nishonlanayotgani anjumanga alohida ramziy ahamiyat bag‘ishladi. So‘zga chiqqanlar o‘tgan davr mobaynida SHHT siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan nufuzli xalqaro tuzilmaga aylandi.
Tadbirda madaniy merosni raqamlashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, yoshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro forum va festivallardagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
An’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro san’at festivali maqomning umrboqiy merosini kelajak avlodlarga yetkazuvchi, ellar orasidagi o‘zaro birodarlik va madaniy muloqotni mustahkamlaydigan muhim xalqaro maydonga aylanib bormoqda.
Qolaversa, “Madaniyat kunlari” tadbirlarini o‘tkazish, qo‘shma teatr gastrollari, muzey ko‘rgazmalari va xalqaro festivallarda o‘zaro qatnashish madaniy aloqalarni mustahkamlashning muhim vositasidir.
Bugungi globallashuv sharoitida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, eski qoliplarni bartaraf etish hamda turli sivilizatsiyalar vakillari o‘rtasida samarali muloqotni kengaytirish muhim vazifa hisoblanadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan uchinchi Xalqaro maqom san’ati anjumani SHHT makonida madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi shubhasiz.
Forumda SHHT mamlakatlari aholisi soni 3 milliard kishidan ziyod ekani, bu esa dunyo aholisining qariyb yarmini tashkil qilishi, mazkur salohiyatdan samarali foydalanish, qo‘shma madaniy loyihalar sonini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida tashkilotga a’zo davlatlar oldida turgan ustuvor vazifalar ham belgilab olindi. Xususan, milliy an’ana va qadriyatlarni asrashga qaratilgan madaniy loyihalarni amalga oshirish, madaniy merosni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish orqali uni saqlash, yoshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro forum va festivallardagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum yakunida, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, SHHT makonida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuv muhitini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, “Shanxay ruhi” tamoyillarini amalda ro‘yobga chiqarish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri