Madaniyat va san’at xodimlari kuni nishonlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Madaniyat va san’at sohasi xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, har qanday xalqning madaniyati va san’atiga bo‘lgan hurmat – bu o‘sha xalqning tarixi, milliyligi, urf-odat va an’analariga bo‘lgan hurmati hisoblanadi. Shuning uchun ham ushbu bayram ildizlari chuqur tarixga ega ko‘pmillatli xalqimizning, butun yurtimizning bayrami, desak, adashmagan bo‘lamiz.
[gallery-28774]
Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz tomonidan madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga, xodimlarga qulay sharoitlar yaratishga va ularning xizmatlarini munosib baholashga, aholining madaniy dam olishini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan qisqa davr mobaynida sohaga oid qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani bu boradagi chora-tadbirlar ko‘lamini yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi yangi binosining foydalanishga topshirilishi esa, madaniyat va san’at sohasi xodimlari uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi.
Bayram tadbiri san’at ustalarining konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.