“Madaniyat karvoni” aholiga quvonch ulashdi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumani markazidagi bolalar va o‘smirlar sport maydonida “Madaniyat va san’at haftaligi” doirasida tashkil etilgan konsert dasturi tuman ahli hayotiga yana bir bor o‘zgacha quvonch, shukuh bag‘ishladi.
Tadbirda poytaxtimizdan kelgan “Navbahor” ansambli hamda el sevgan mashhur san’atkorlar ishtirok etdi. Ular ijro etgan dilbar kuy-qo‘shiqlar, qalbni rom etuvchi milliy ohanglar barchaga unutilmas zavq ulashdi. Tomoshabinlar har bir chiqishni katta xursandchilik va olqishlar bilan qarshi olishdi.

– Tadbirda aholining keng qatlami, jumladan, suvchilar, agronomlar, fermerlar ham qatnashdi, – deydi “Uch qahramon” suv iste’molchilar uyushmasi raisi, ilg‘or fermer Yulduz Boboqulova. – Bunday madaniy uchrashuvlar ishga bo‘lgan shijoatni oshiradi, odamlarga esa a’lo kayfiyat, quvonch ulashadi.

– Konsert dasturiga qo‘ni-qo‘shni, farzandlar va nabiralarimiz bilan birga keldik. Tinch va farovon yurtga to‘ylar, ana shunday tadbirlar yarashadi ,– deydi Soyibobod mahallasidan tomorqachi Hakimjon ota Ismoilov.


Darhaqiqat, bu kabi madaniy tadbirlar yosh avlod qalbida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash hamda aholi o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri