Madaniy-tarixiy yodgorliklarni asrash – burchimiz!
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan “Xalqaro madaniy yodgorliklar va tarixiy maskanlarni asrash borasidagi chora-tadbirlar” mavzusida ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani hamda sohada o‘rnatilgan xalqaro hamkorlik aloqalari haqida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, 2024 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Moddiy- madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxati”ga asosan mamlakatimizda madaniy meros ob’ektlari jami hisobda 8210 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 8366 taga yetdi. Shundan 4796 tasi arxeologiya yodgorliklari, 2268 tasi arxitektura va 772 tasi monumental san’at yodgorliklari, 530 tasi esa diqqatga sazovor joylar, qolgan 157 tasi mozaika va kompozitsiyalarni tashkil etadi.
O‘tgan 2024 yilda respublikadagi 123 ta madaniy meros ob’ektida restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. Muzeylar yo‘nalishida esa 2730 ta tadbir tashkil etildi. Tariximizdan so‘zlovchi ushbu maskanlarga 4,5 milliondan ziyod mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Berlin, Boku, Florensiya, Venetsiya va London shaharlarida O‘zbekiston muzey ashyolarining ko‘rgazma namoyishlari o‘tkazildi. 27 ta muzeyda sovg‘alar va suvenir do‘konlari, hunarmandlar ustaxonasi va savdo shoxobchalari, onlayn do‘konlar, rassomlar, artistlar va folklor jamoalari, hunarmandlar hamda fotosessiya uchun maxsus hududlar tashkil etildi. Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun inklyuziv shart-sharoitlar yaratish maqsadida 53 ta muzeyda pandus yo‘lakchasi, 9 ta muzeyda ko‘tarilish vositasi (lift) o‘rnatildi va 35 ga yaqin muzey audiogid vositalari bilan jihozlandi.
Bundan tashqari, mamlakatimizning arxeologik yodgorliklarini tadqiq qilish, ilmiy o‘rganish va ularni ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Afrosiyob (Samarqand), Axsikent va Uchtepa (Namangan) arxeologiya yodgorliklarini muzeylashtirish choralari ko‘rildi. 5 ta arxeologiya yodgorligida muzeylashtirish ishlarini olib borish uchun loyihalar ishlab chiqildi. Farg‘ona viloyatida 108 ta, Navoiy viloyatida 275 ta arxeologiya yodgorligi xatlovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, xorijdagi kutubxona, muzey, fond va boshqa ilmiy-madaniy muassasalarda saqlanayotgan mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid 308 ta madaniy boylikning ilmiy tavsifi tayyorlandi. Xorijda saqlanayotgan allomalarimiz merosiga oid qo‘lyozmalardan elektron nusxalar olindi.
Yana bir e’tiborga molik yangilik, O‘zbekiston Osiyo madaniy merosini saqlash alyansiga a’zo bo‘ldi.
[gallery-22499]
Matbuot anjumanida O‘zbekiston madaniyati Markaziy Osiyo xalqlarining ko‘p asrlik an’analari va turmush tarzi bilan chambarchas bog‘liq boy tarixga ega ekanligi, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan yurtimiz hududida joylashgan me’moriy yodgorliklar, qadimiy qal’a va qasrlar, sirli va noyob tabiat yodgorliklari va folklor elementlarining aksariyati hozirda YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilib, muhofazaga olingani xususida ham so‘z yuritildi.
Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob oldi.
Kamola Yusupova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA