Madaniy aloqalar kengaymoqda
O‘zbekiston madaniyati xalqaro maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda. Delegatsiyaning Rossiyaga safari teatr va san’at sohasidagi hamkorlikka yangicha ruh bag‘ishlab, kelajakdagi ulkan loyihalarga zamin yaratmoqda.
Barcha sohalar singari madaniyat sohasida ham xalqaro hamkorliklar kengayib bormoqda. Natijada teatr, cholg‘uchilik va boshqa bir qancha san’at turlari tizimli ravishda rivojlanib bormoqda.
Shunday tashabbuslarning izchil davomi o‘laroq, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi. Xizmat safari doirasida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev Sankt-Peterburg shahridagi “Fontanka” yoshlar teatrida bo‘ldi.
Tashrif davomida teatr direktori Olga Romaneskaya bilan uchrashuv o‘tkazilib, teatrning tarixi va bugungi faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar teatri bilan “Fontanka” yoshlar teatri o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar teatr san’ati sohasida ijodiy almashinuvlarni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari Mixail Bulgakov asari asosida sahnalashtirilgan “Kabala svyatosh” (“Muqaddaslar kabalasi”) spektaklini tomosha qildilar.
Muzokaralar mobaynida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi vakillari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi ham tashkil etilib, qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlash kerakki, bunday hamkorliklar yurtimiz madaniy hayotida tub o‘zgarishlarga zamin yaratadi.
Sherbek Islomov, O‘zA