Ma’rifiy muloqot va bilimlar sinovi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan turli tanlovlar iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va rag‘batlantirish, mohir pedagog va psixologlarning o‘zaro fikr almashishi, ilg‘or tajribalarni amaliyotga keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan turli tanlovlar iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va rag‘batlantirish, mohir pedagog va psixologlarning o‘zaro fikr almashishi, ilg‘or tajribalarni amaliyotga keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Adliya vazirliklari, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi hamkorligida tashkil etilgan "Huquq bilimdonlari – 2017" tanlovi ana shunday tadbirlardan biri.
Bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Konstitutsiya alifbosi”, “Konstitutsiya olamiga sayohat”, “Davlat va huquq asoslari”, “Konstitutsiyaviy huquq asoslari” darslari o‘qitilmoqda. Bunda ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, o‘qitishning samarali va ta’sirchan usullaridan keng foydalanilayotgani Bosh qomusimiz mazmun-mohiyatini yosh avlod ongiga chuqur singdirish imkonini bermoqda.
"Huquq bilimdonlari – 2017" tanlovining dastlabki bosqichlarida qariyb 48 ming yuqori sinf o‘quvchilari o‘zining huquqiy, siyosiy bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Uch shartdan iborat mazkur bilimlar sinovida yoshlar huquqshunoslikka oid bilimlarini dastlab test sinovlarida, so‘ngra tezkor savol-javoblar hamda sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etdi.
– Huquqlarni bilmoq o‘z mas’uliyati, burchini ham teran anglamoq demakdir, – deydi Samarqand shahridagi 54-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Shahboz Sa’dinov. – Bu tanlovda bizning huquqiy bilimlarimiz bilan birga bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishlar, yoshlarga oid milliy qonunchilik, ma’naviy-ma’rifiy islohotlardan ham xabardorligimiz sinovdan o‘tdi.
Toshkent shahrining "Yosh huquqshunos" jamoasi birinchi o‘ringa munosib topildi. Ikkinchi o‘rin Samarqand viloyatining "Femida" jamoasiga, uchinchi o‘rin Toshkent viloyatining "Istiqlol" jamoasiga berildi. G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan "Yilning eng yaxshi maktab psixologi" tanlovi o‘z ishiga ijodiy yondashuvchi, fidoyi, izlanuvchan soha mutaxassislarini aniqlash imkonini berdi.
O‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va layoqatini yanada kuchaytirish, ijodiy-intellektual salohiyatini to‘g‘ri tahlil etishda maktab psixologlarining o‘rni katta.
Tanlov jarayonida amaliyotchi psixologlarning o‘quvchilar bilan ishlash mahorati, bilimi, ishga ijodiy yondashuvi, muomala va muloqot madaniyati kabi jihatlarga e’tibor qaratildi. Eng mahoratli, yosh avlod ko‘ngliga to‘g‘ri yo‘l topa oluvchi, ularning orzu-intilishlarini teran idrok etuvchi psixologlarning ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 15-umumta’lim maktabi psixologi Iqboloy Turg‘unova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 326-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi psixologi Umida Safarova munosib topildi. Uchinchi o‘ringa Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 53-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi psixologi Nodira Sharipova sazovor bo‘ldi.