Ma’naviyat maskanlarida jinoyat
Maktablar, madaniyat markazlari – ma’naviyat maskanlari sanaladi.
Maktablar, madaniyat markazlari – ma’naviyat maskanlari sanaladi. Bunday muassasalarda noqonuniy qilmish bo‘ldi, deyishsa ishonging kelmaydi. Biroq, afsus...
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Jizzax viloyati Do‘stlik tumani madaniyat markazida 266,9 million so‘m budjet mablag‘i talon-taroj qilingan.
Bu holat Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Do‘stlik tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.
Madaniyat markazi boshlig‘i M.E. va boshqalar hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali markazda haqiqatda ishlamagan 18 nafar fuqaroga ish haqi hisoblab, ularning imzolarini qalbakilashtirib, maoshini olib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan M.E. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Koson tumanida esa maktab direktori jinoyat ustida ushlandi
Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Koson tumanidagi 98-sonli maktabi direktor N.Z. fuqaro D.U.ga o‘rta-maxsus ma’lumotli maqomini beruvchi qalbaki diplom tayyorlatib berish va uni ushbu maktabga laborant vazifasiga ishga qabul qilish evaziga undan 800 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan N.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.