LUQMA: AKT sohasida tilimiz oʻzbekchami yoki...
Bugun “raqamli”, “raqamlashtirish”, “elektron hukumat” soʻzlarini koʻp ishlatamiz.
Bugun “raqamli”, “raqamlashtirish”, “elektron hukumat” soʻzlarini koʻp ishlatamiz. Faoliyatimiz, yashash tarzimiz shu soʻzlar bilan hamohang kecha boshladi. “Raqamli televideniye”, “raqamli iqtisodiyot”, “agrar sohani raqamlashtirish”, “axborot tizimi”, xullas, bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga oid soʻz va atamalarning maʼnosini hammamiz ham tushunamizmi yoki toʻgʻri talqin qila olamizmi? Masalan, elektron davlat xizmatlari koʻrsatadigan bir tashkilotning axborot tizimini ikkinchi tashkilotning axborot tizimiga integratsiya qilish, degani nimani anglatadi?
“Integratsiya” soʻzi lotin tilidagi “integratio” soʻzidan olingan boʻlib, “qayta tiklash”, “toʻldirish”, “bogʻlash, ulash” maʼnolarini bildiradi. Demak, foydalanayotgan matnimiz maʼno-mazmunidan kelib chiqib, ulardan mosini qabul qilishimiz kerak.
Mobil aloqa xizmatlari. Bu soʻz ingliz tilidagi “mobile” soʻzidan olingan boʻlib, “harakatchan”, “chaqqon”, “koʻchma”, “oʻzgaruvchan”, “beqaror” degan maʼnolarni bildirar ekan. Baʼzi manbalarda uning maʼnosi odamlar oʻrtasidagi aloqani taʼminlash uchun foydalaniladigan moʻjaz simsiz telekommunikatsiya qurilmasini anglatish bilan birga, uyali telefon bilan adashtirmaslik zarurligi qayd etilgan.
Biz esa bu soʻzni oʻzbek tilida “uyali” deb bilamiz. “Mobil” soʻzini hamma joyda “uyali” deb ishlatish mumkinmi? Soʻz maʼnolaridan kelib chiqadigan boʻlsak, yoʻq. Chunki uning maʼnosi biz oʻylagandan, biz tushungandan koʻra kengroq ekan.
Bugun aholiga qulaylik yaratish, ularga koʻrsatilayotgan elektron davlat xizmatlarining sifatini yana-da oshirish maqsadida “Elektron hukumat” doirasida idoralararo integratsion platformalar yaratilmoqda. Bu yerda “idoralararo” degan soʻzdan bir nechta idora haqida gap ketayotganini tushunib olamiz. Bu tushunchani “idoralararo muvofiqlashtirilgan maydoncha” deyish ham mumkin. Lekin axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislarini tayyorlash jarayonida asosan rus va ingliz tilidagi manbalardan foydalanilgani uchun oddiy aholi u yoqda tursin, mutaxassislarga ham buni tushuntirish oson emas. Ular uchun birinchisi maʼqulroq, tushunarliroq.
“Interaktiv davlat xizmatlari” degan tushuncha hayotimizga singib bormoqda. Bu yerdagi “interaktiv” soʻzi “oʻzaro yoki bir-biriga taʼsir qiladigan, taʼsir koʻrsatuvchi” degan maʼnoni bildiradi. Shundan kelib chiqib, “oʻzaro muvofiqlashtirilgan (yoki birlashgan) davlat xizmatlari” deyish toʻgʻri boʻladi, bizningcha.
“Kommunikatsiya” soʻzi lotinchadan kirib kelgan. Gap mazmuniga qarab, “jamlash”, “bogʻlash”, “umumlashtirish” (yoki “xabar”, “maʼlumot”, “fikr”, “axborot almashish”, “aloqa qilish”) kabi maʼnolarni bildiradi. Lekin biz bu soʻzning oʻzbek tilidagi maʼnolaridan koʻra, uning oʻzini ishlatishni maʼqul koʻramiz.
“Abonent” soʻzini ishlatayotganimizga ham ancha boʻldi. Bu soʻz oʻzbekchadek tuyuladi. Yaʼni, tilimizga oʻzlashishga ulgurgan. Aslida fransuz tilidagi “aboner” soʻzidan olingan boʻlib, “obuna boʻlmoq” degan maʼnoni bildiradi. Oʻzbek tilida esa uni “mijoz”, “foydalanuvchi” deyish mumkin.
“Onlayn efir”, “onlayn radio”, “onlayn televideniye”, “onlayn doʻkon”, “onlayn oʻqitish” kabi tushunchalar ham juda koʻp foydalanilmoqda. “Onlayn” soʻzi ishlatilgan joyda internet aloqasi mavjudligi tushuniladi. Demak, uydan turib bu xizmatlardan foydalanish mumkin. Bu soʻzning biz bilgan “jonli”, “toʻgʻridan toʻgʻri” maʼnolari yuqoridagi holatlarga mos keladimi?
“Virtual” soʻzini koʻpincha aloqa maʼnosida ishlatamiz. Sof oʻzbek tilida uni qanday atash mumkin?
Oʻzbek tilining izohli lugʻatida “televizor: (tele.+ lot. visio – koʻrish; koʻrsatuv). Telestudiyadan uzatiladigan telesignallarni tasvir va ovoz tarzida qabul qilib, koʻrsatadigan va eshittiradigan apparat, “televideniye: (tele. + r. videniye – koʻrish / lot. visio – koʻrish). Harakatdagi yoki harakatsiz obyektlarning tasvirini tovush bilan birga radioelektron vositalar yordamida muayyan masofaga uzatish va qabul qilish; uzoqdan koʻrish; axborot tarqatish vositalaridan biri, “antenna: lotincha antenna – kema machtasidagi koʻndalang yogʻoch, hasharot moʻylovi. Elektromagnit toʻlqinlarni fazoga uzatuvchi yoki qabul qiluvchi qurilma” deya izohlangan.
Bu soʻzlar maʼno-mazmun jihatdan oʻzbek tilida bitta soʻz bilan ifodalanmagan. Aytmoqchi boʻlganimiz, hamma soʻzlarni ham ikkinchi tildagi boshqa bitta soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi. Ammo bu chet tillaridan kirib kelayotgan barcha soʻzlarni shundayligicha qabul qilish kerak, degani emas. Bu masalada ijobiy natijaga erishish uchun tilshunos va tegishli soha olimlari bilan hamkorlikda yangi soʻz yoki atamalarning oʻzbek tilidagi muqobilini yaratish ustida ishlash talab qilinadi.
Aytganlarimiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hamda raqamlashtirish jarayonida tilimizda yuzaga kelgan, kelayotgan yoki kelishi mumkin boʻlgan baʼzi jihatlar xolos. Jadal taraqqiyot zamonida bu kabi holatlar barcha sohada uchrashi tabiiy. Shunday ekan, tilimizning jozibadorligini asrab qolish, yangi soʻz va atamalarning oʻzbek tilidagi muqobillarini yaratish orqali yana-da boyitish muhim ahamiyat kasb etadi.
Muammoni koʻtarish, masala dolzarbligi, uning ahamiyati, zarurati toʻgʻrisida gapirish oson, biroq yechim haqida ham toʻxtalib oʻtish oʻta muhim. Yuqoridagi kabi muammolarga duch kelmaslik uchun, avvalo, sohaga kadrlar yetishtirib beruvchi oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalaridan juda katta masʼuliyat talab qilinadi. Shuningdek, bugungi kunda turli vazirlik, idora va tashkilotlarda AKT sohasida faoliyat yuritayotgan masʼul mutaxassislarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilimini oshirish maqsadida oʻqitish, turli oʻquv kurslarini tashkil qilish, uslubiy qoʻllanmalar yaratish, ularning keng tarqatilishini taʼminlash zarur.
Bu orqali nafaqat yurtimizda keng miqyosda olib borilayotgan raqamlashtirish jarayoniga munosib hissa qoʻshgan boʻlamiz, balki mazkur jarayonning yana-da jadallashishini taʼminlaymiz.
Nurillo Abdullayev,
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri maslahatchisi.