Loyihalar ijrosi jurnalistlar nigohida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumaniga Navro‘z umumxalq bayrami arafasida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab tumandagi Abay ovuli fuqarolar yig‘ini hududidagi “Beruniy bug`doy cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu yerda 29,4 milliard so‘m hisobiga un zavodi tashkil etilgan. 65 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. O‘tgan yilning dekabr oyida ish boshlagan zavodning yillik quvvati 50 ming tonnani tashkil qiladi. O‘tgan davr mobaynida korxona tomonidan Afg‘oniston davlatiga 90,5 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilingan.
Pres-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili “Obi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi gidroponika usulida barpo etilgan issiqxona bo‘ldi. “Sifatli g’isht” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 20,4 milliard so‘m evaziga ishga tushurilgan issiqxonaga Turkiyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan. Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida 56 kishi ishli bo‘ldi.
Loyihaning yillik quvvati 800 tonnani tashkil qiladi. Hozirda issiqxonada yetishtirilgan pomidor mahsulotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari, viloyatlarga ham shartnoma asosida yetkazib berilmoqda. Ushbu oyda Rossiya davlatiga birinchi eksport amalga oshirildi.
[gallery-6234]
Tadbir doirasida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Beruniy tumani hokimi A.Saparboyev 2021 yilda amalga oshirilgan investitsiya dasturlari hamda 2022 yilgi rejalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, 2022-2023 yillar davomida tumanda umumiy qiymati 778,6 milliard so‘mlik 52 ta loyihani amalga oshirish hamda 1278 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan. Shundan 2022 yil davomida qiymati 422,8 milliard so‘mlik 28 ta loyiha amalga oshiriladi hamda 929 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Jumladan, sanoat sohasida 10 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 6 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 12 ta loyiha amalga oshiriladi. Joriy yilning birinchi choragi davomida umumiy qiymati 53,3 milliard so‘mlik 7 ta loyiha amalga oshirildi va 113 ta ish o‘rni yaratildi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollariga soha mutasaddilari tomonidan batafsil javob berildi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA