Loyiha samarali amalga oshirildi
Namangan viloyatidagi nodavlat notijorat tashkilotlari haqida gap ketganda, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamda viloyat “Keksalarni e’zozlash” jamoat fondi ilg‘orlar sifatida tilga olinadi.
Prezidentimizning 2022 yil 15 martdagi “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosiga qaratilgan “Viloyatda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirish” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mazkur xayrli loyiha uchun 200 million so‘m davlat grantini ajratgandi. O‘tgan bir yil mobaynida grant mablag‘lari asosida loyihada rejalashtirilgan yumushlar sifatli va samarali bajarildi.
Ajratilgan mablag‘ning 67 foiziga ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka-yolg‘iz va bemor nuroniylar uchun belgilangan 400 dona dori-darmonlar qutisi, 600 dona tanometr sotib olinib, mahalla faollari orqali aniqlangan 788 nafar ko‘makka muhtoj keksaga manzilli yetkazib berildi.
Qolaversa, loyiha doirasida “Sog‘lom turmush tarzi”, “Dunyo yaxshilar borligi uchun oboddir” nomli kitoblar nashr etilib, mahallalardagi “Keksalar maslahat guruhi” a’zolari hamda oliy ta’lim muassasalariga qo‘llanma tarzida bepul tarqatildi.
[gallery-17703]
– Bugungi globallashuv davrida axborot xurujlarining ortib borayotgani, yoshlar ta’lim-tarbiyasi masalasida har daqiqa hushyor va ogoh turishimiz lozimligini nazarda tutgan holda, loyihaning maqsad-muddaosi va uning ijrosidagi qamrov ayni shu dolzarb mavzuga naqadar mushtarakligini his etamiz, – deydi loyiha ijrochisi, Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazi direktori Rahmonjon Egamberdiyev. – “Bir nuroniyga – o‘n nafar yosh”, “Keksalar turizm oyligi”, “Hech kim mehr-oqibatdan chetda qolmasin”, “Har bir nuroniy – o‘n nafar yoshga murabbiy” yo‘nalishlarida olib borilgan targ‘ibot ishlari ta’sirchanligi ta’minlandiki, tuman va shahar hududlaridagi katta hayot tajribasiga ega targ‘ibotchilar ham bu ishga keng jalb etildi.
Loyiha hisobotida loyiha rahbari – “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov, O‘zbekiston Qahramoni Oyshaxon Qo‘chqorova, ma’naviyat targ‘ibotchisi Abdulhay Tursunov va boshqalar loyihadan ko‘zda tutilgan vazifalar bugungi kunimizda nechog‘li ahamiyat kasb etishi haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, faxriylarni yosh avlodni Vatanga muhabbat, kattalarni hurmat qilish, ezgulik va rahmdillik kabi ko‘p asrlik milliy qadriyatlarimizni e’zozlash ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etish zarur. Bu borada mahallalar va ta’lim muassasalarida ma’naviy tadbirlarni o‘tkazish, namunali xonadonlarda ota-ona va bolalar ishtirokida davra suhbatlarini uyushtirish, “Har bir nuroniy – o‘n nafar yoshga murabbiy” tamoyilini amaliyotga tatbiq etish yaxshi samara beradi.
To‘kin dasturxon tevaragida davom etgan yakuniy hisobot yig‘ilishida loyiha doirasidagi targ‘ibot ishlarida faol qatnashgan hamkor tashkilotlar faollari rag‘batlantirildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari