Loyiha ijrosi partiya nazoratida
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shahar va tuman partiya tashkilotlari tomonidan "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxtlar holatini o‘rganish maqsadida jamoatchilik monitoringi o‘tkazilmoqda.
Shumanay tumani partiya tashkiloti Kengashi raisi A.Amedova rahbarligida "Barkamol avlod" bolalar maktabi hududida o‘tkazilgan monitoring davomida joriy yilning bahor mavsumida loyiha asosida 300 tup mevali va manzarali daraxt ekilgani ma’lum bo‘ldi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, daraxtlar muntazam sug‘orilib, o‘z vaqtida agrotexnik parvarish ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda ko‘chatlarning aksariyati yaxshi o‘sib rivojlanmoqda.

Qonliko‘l tumani partiya tashkiloti Kengashi tomonidan "Do‘stlik" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 21-sonli umumta’lim maktabi va 1-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida ekilgan ko‘chatlar holati yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. Umumta’lim maktabida o‘tkazilgan o‘rganish davomida 170 dona ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 220 dona ekilgani aniqlandi. Katalpa, yasen, yapon soforasi hamda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yaxshi parvarish qilingan. Suv ta’minoti ariq tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Monitoring natijalariga ko‘ra, ko‘chatlarning 90 foizi rivojlanmoqda.
Maktabgacha ta’lim muassasasida o‘tkazilgan monitoring jarayonida 80 dona ko‘chat ekish rejalashtirilgani, amalda esa 130 dona ekilgani ma’lum bo‘ldi. Hozir ko‘chatlar yaxshi parvarish qilinib, ariq orqali muntazam sug‘orilmoqda. O‘rganishga ko‘ra, ko‘chatlarning 80 foizi unib chiqqan. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida ekologik madaniyatni shakllantirish, yashil hududlarni ko‘paytirish borasida amaliy ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Monitoring tadbirlari hududlarda "Yashil makon" umummilliy loyihasi ijrosi, ekilgan daraxtlarning yashovchanligi va sifatini oshirishga xizmat qilish bilan birga, jamoatchilikni ekologik tashabbuslarga jalb etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri