“London Post”: Samarqand sammiti bolalar farovonligi yo‘lidagi global ustuvor vazifalarni belgilab berdi
Britaniyaning “London Post” axborot portalida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan bolalar farovonligiga investitsiyalar kiritish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro sammit yakunlariga oid maqola e’lon qilindi.
Unda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda har bir bolaning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tashabbuslar xalqaro hamkorlikning muhim ustuvor yo‘nalishlari sifatida e’tirof etilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, maqolada BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi tamoyillariga sodiqlikni yana bir bor tasdiqlagan Samarqand deklaratsiyasining ahamiyati alohida ta’kidlangan. Shuningdek, bolalarni zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishidan himoya qilish, raqamli makonda ularning xavfsizligini ta’minlash, erta rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, inklyuziv ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishini ta’minlash kabi muhim vazifalarga e’tibor qaratilgan.
Nashrda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaning bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, bunday holatlarning oldini olish va har bir bolaning huquqlarini qat’iy himoya qilishga qaratilgan chaqiriqlari ham e’tirof etilgan. Shu bilan birga, Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva tashabbusi bilan Samarqandda ochilgan “IMKON” markazi faoliyati haqida ham so‘z borgan. Markaz bolalarning salomatligini tiklash, reabilitatsiya xizmatlarini rivojlantirish va alohida ehtiyojga ega bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yaqqol misol sifatida qayd etilgan.
Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida markazlar tarmog‘ida 546 mingdan ortiq muolaja va mashg‘ulot o‘tkazilgan, ambulator reabilitatsiya xizmatlari esa 3 777 nafar bolani qamrab olgan.
Samarqand sammitida ilgari surilgan tashabbuslar va amaliy natijalar bolalar farovonligini ta’minlash nafaqat ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi, balki barqaror kelajak va inson kapitalini rivojlantirishning asosiy sharti ekanini yana bir bor namoyon etdi. “London Post” nashrida yoritilgan ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning bolalar huquqlarini himoya qilish, ular uchun xavfsiz va teng imkoniyatlarga asoslangan muhit yaratish borasidagi sa’y-harakatlariga xalqaro e’tiborni jalb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA