Logistika O‘zbekiston uchun “ikkinchi neft manbai”ga aylanadimi?
O‘zbekiston dunyo mamlakatlari orasida dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlardan biri. Shunga qaramay, mamlakat so‘nggi yillarda bu geografik cheklovni xalqaro transport va logistika tizimidagi yangi imkoniyatga aylantirishga harakat qilmoqda.
Kaspiy va Qora dengiz sohillarida logistika ob’ektlarini tashkil etish, xorijiy portlarni rivojlantirishda ishtirok etish va bir nechta muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish rejalari shundan dalolat beradi.
Elchixona bilan hamkorlikda tayyorlangan mazkur tahliliy material uchun yaqinda nufuzli "Berliner Zeitung" gazetasida Nikolas Butulinning O‘zbekiston transport-logistika strategiyasiga bag‘ishlangan maqolasi asos qilib olindi. Unda mamlakatning yangi transport yo‘laklariga chiqish imkoniyatlari, Yevropa Ittifoqining mintaqadagi infratuzilma loyihalari va bu jarayonning O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ahamiyati tahlil qilingan. Muallif keltirgan dalillar logistika mamlakat uchun oddiy tranzit yo‘nalishi emas, balki yangi iqtisodiy imkoniyatga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
Geografik cheklovdan strategik imkoniyatga
O‘zbekiston Lixtenshteyn singari, dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. Biroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bu geografik cheklovni strategik logistika ustunligiga aylantirishga qaratilgan yondashuv shakllanmoqda.
Prezident ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, rejalar mamlakat hududi bilan cheklanmaydi. Kaspiy va Qora dengiz sohillarida logistika va yuk tashish bazalarini tashkil etish, Janubiy Kavkazdagi portlarni rivojlantirishda ishtirok etish hamda Armaniston orqali o‘tadigan xalqaro savdo yo‘nalishida muhim o‘rin egallash ko‘zda tutilmoqda.
Ayrim loyihalar bo‘yicha amaliy qadamlar ham boshlangan. Xususan, Gruziya bilan kelishuvga erishilgan. Qora dengiz sohilidagi Poti portida O‘zbekistonga tegishli ombor va transport-logistika ob’ektlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun texnik-iqtisodiy asoslash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Qozog‘istonning Aqtau, Turkmanistonning Turkmanboshi va Ozarbayjonning Boku portlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilishda ishtirok etish niyatida. Gruziyadagi Anakliya chuqur suv porti ham Toshkent uchun qiziqish uyg‘otmoqda. Prezident Mirziyoyevning iyul oyi boshida Gruziyaga davlat tashrifi ortidan O‘zbekiston birinchi marta ushbu loyihada ishtirok etish istagini rasman bildirgan.
Biroq Anakliya porti bilan bog‘liq moliyalashtirish masalasi bir necha yildan beri noaniqligicha qolmoqda, qurilish ishlarida kechikishlar kuzatilgan. Yaqinda esa Xitoy ushbu loyihadan chiqdi.
Prezident ma’muriyati ta’kidlaganidek, bunday loyihalar O‘zbekistonning to‘qimachilik, kimyo, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon va metallurgiya mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, loyihalarni moliyalashtirish manbalari hali ochiq masala bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonning yangi transport yo‘laklari strategiyasi
Mamlakatning transport strategiyasi faqat bitta yo‘nalish bilan cheklanmayapti. O‘zbekiston Trans-Kaspiy xalqaro transport yo‘lagi, ya’ni O‘rta koridor bilan bir qatorda boshqa muqobil marshrutlarni ham rivojlantirishga harakat qilmoqda.
Toshkent TRIPP, ya’ni “Tramp yo‘lagi” deb ataluvchi tashabbusda ham ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Mazkur yo‘nalish Ozarbayjondan Armaniston orqali Turkiyaga yuk tashishni ta’minlashi va O‘rta koridorning strategik bo‘g‘iniga aylanishi ko‘zda tutilgan. Biroq TRIPP ishga tushishi bo‘yicha muddatlar so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra kechikkan.
O‘zbekiston, shuningdek, Ozarbayjonning Naxichevan eksklavidagi temir yo‘l uchastkasini rekonstruksiya qilishga investitsiya kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu orqali Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.
O‘rta koridor Xitoy va Markaziy Osiyoni Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropa bilan bog‘laydi. Shu jihatdan u Yevropa bozorlariga yuk yetkazib berishning muqobil marshruti sifatida qaralmoqda.
Ushbu tarmoqning umumiy uzunligi 4 ming 250 kilometrdan ortiq temir yo‘l va qariyb 500 kilometr dengiz yo‘lini o‘z ichiga oladi. Caspian Policy Center ma’lumotlariga ko‘ra, u Shimoliy yo‘nalishga nisbatan 2 000-3 000 kilometr qisqaroq.
Yevropa bozoriga olib boruvchi yo‘llar va milliardlab investitsiyalar
O‘rta koridorga qiziqish faqat Markaziy Osiyo davlatlari bilan cheklanmayapti. Yevropa Ittifoqi ham Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoni Yevropa bozori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan yangi xalqaro transport aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor.
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoni Yevropa bozori bilan bog‘laydigan xalqaro transport aloqalari loyihasini e’lon qilgan. “Global Gateway!” tashabbusi doirasida davlat va xususiy sektor mablag‘laridan 12 milliard yevrogacha investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.
Yevropa Ittifoqining 2030-yilgacha bo‘lgan rejalari transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, savdo oqimlarini uch baravar oshirish va yetkazib berish muddatlarini qisqartirishni qamrab oladi. Shunga ko‘ra, Yevropa komissiyasi Bolgariya bilan hamkorlikda mintaqaviy bog‘liqlik masalalariga bag‘ishlangan sammit o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Moliyaviy institutlarning qiziqishi ham yuqori. 2024-yil yanvar oyida Yevropa va xalqaro moliya institutlari Trans-Kaspiy yo‘nalishiga 10 milliard yevro miqdorida investitsiya kiritishga tayyorligini bildirgan edi. 2025-yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitida mintaqaga “Global Gateway” doirasida qo‘shimcha 12 milliard yevro investitsiya ajratilishi ma’lum qilindi. Shundan 3 milliard yevro bevosita O‘rta koridorga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
DGAP ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-2025-yillarda Yevropa va xalqaro moliya institutlari tomonidan Markaziy Osiyoda barqaror transport va boshqa bog‘liqlik infratuzilmalari uchun e’lon qilingan mablag‘larning umumiy hajmi 22 milliard yevroga yetgan.
Logistika iqtisodiyotning yangi o‘sish nuqtasiga aylanmoqda
Transport yo‘laklarini rivojlantirish masalasi O‘zbekiston uchun endi faqat tranzit imkoniyatlarini kengaytirish vazifasi emas. Mamlakatda logistika iqtisodiy o‘sishning yangi manbasi sifatida qaralmoqda. Toshkentda so‘nggi paytlarda logistika mamlakat uchun “ikkinchi neft manbai”ga aylanishi mumkinligi haqida ochiq fikr bildirilmoqda.
Bu tendensiyani iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham aks ettirmoqda. 2025-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarni tashkil etgan. Xizmatlar eksporti 9,76 milliard dollarga yetgan va uning qariyb uchdan bir qismi transport xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2026-yil yanvar–may oylarida jami xizmatlar eksportining 36,2 foizi transport sohasi hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, transport va omborxona xo‘jaligining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5,5 foizdan 6 foizga oshdi.
Hukumat 2030-yilga qadar transport xizmatlari hajmini ikki baravar oshirish, xizmatlar eksportini 5,7 milliard dollarga yetkazish, tranzit yuklari hajmini 22 million tonnaga chiqarish va logistika markazlari quvvatini uch baravar ko‘paytirishni maqsad qilgan.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, logistika faqat tovarlarni bir manzildan boshqasiga yetkazib berish tizimi emas, balki tashqi savdoni kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish, tranzitdan daromad olish va mamlakatning xalqaro iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish vositasiga aylanmoqda.
Asosiy vazifa - muqobil yo‘nalishlar va zamonaviy infratuzilma
O‘zbekiston O‘rta koridor bilan cheklanib qolmasdan, Shimol - Janub yo‘nalishini ham rivojlantirmoqda. Shuningdek, Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li qurilmoqda. Trans-Afg‘on transport koridori esa Janubiy Osiyo portlariga chiqish imkoniyatini yaratishi rejalashtirilgan.
Xitoy yo‘nalishida Xonobod, O‘rta koridorda Olot va Afg‘oniston chegarasidagi Termiz mintaqaviy transport “darvozalari” sifatida ko‘rilmoqda. 2025-yilda Termiz xalqaro savdo markazi orqali 320 million dollarlik tovar eksport qilingan.
Biroq, mamlakat ichidagi logistika tizimi kamchiliklari soha rivoji uchun asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yuk tashish sohasida yashirin iqtisodiyot ulushi 42 foizdan yuqori.
Shuningdek, transport xizmatlarining barcha turlarini birlashtiradigan va elektron buyurtmalarni qayta ishlaydigan yagona platforma hali mavjud emas. Bu muammoni bartaraf etish uchun yagona raqamli transport tizimi va elektron reyestrlarni joriy etish, chegaralararo tranzitni real vaqt rejimida kuzatish hamda barcha transport ruxsatnomalarini qamrab oluvchi yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish rejalashtirilgan.
“Eksport uch qadamda” elektron tizimi orqali eksportni rasmiylashtirish jarayoni 9 bosqichdan 3 ta integratsiyalashgan bosqichga qisqartirilgan. Rasmiylashtirish vaqti bir kundan bir soatga tushgan, o‘rtacha xarajatlar esa 35 foizga kamaygan.
Transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish doirasida mamlakatda ichki yuk tashish temir yo‘l tarmog‘ini to‘liq elektrlashtirish va yangi yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarini qurish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning logistika strategiyasi natijasi bir qator tashqi va ichki omillarga bog‘liq. Xorijiy portlardagi ulushlarni moliyalashtirish, Anakliya porti loyihasining kelajagi, TRIPP tashabbusining amalga oshish muddatlari hamda Yevropa tomonidan va’da qilingan milliardlab yevro mablag‘larning temir yo‘l va port infratuzilmasiga qanchalik yo‘naltirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bryussel O‘rta koridorni ayrim hududlarni chetlab o‘tuvchi geosiyosiy ahamiyatga ega transport yo‘nalishi sifatida ko‘rayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston uchun bu jarayon bir nechta iqtisodiy va transport imkoniyatlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Asosiy maqsad esa bitta yo‘nalishga bog‘lanib qolmaslik - transport koridorlarini ko‘paytirish, muqobil marshrutlarni ochiq saqlash va mamlakatni tom ma’noda Sharq hamda G‘arb o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarining muhim bo‘g‘iniga aylantirishdan iborat.
Nikolas Butulin tahlilidan anglashiladiki, O‘zbekiston logistikani oddiy tranzit sohasi emas, balki iqtisodiy o‘sishning yangi manbai sifatida ko‘rmoqda. Muallif mamlakatning asosiy maqsadi bitta transport yo‘lagiga bog‘lanib qolmasdan, bir nechta muqobil koridorlarni rivojlantirish orqali tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish ekanini ta’kidlaydi. Shu ma’noda, “ikkinchi neft manbai” iborasi hozirgi holatni emas, logistikaning O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun kelgusidagi salohiyatini anglatadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA