«Liverpul» PSJ vingeri Ibrohim Mbaye transferi ustida ishlamoqda
Futbolchining PSJ bilan amaldagi shartnomasi 2028-yil yozigacha amal qiladi.
«Liverpul» PSJning 18 yoshli vingeri Ibrohim Mbaye transferi bo‘yicha ilk qadamni tashladi. Bu haqda jurnalist va insayder Fabritsio Romano X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mersisaydliklar futbolchining agenti Jorje Mendesh bilan aloqaga chiqqan.
Qayd etilishicha, Mbayega Andoni Iraolaning loyihasi juda ma’qul kelgan va shu sabab u faoliyatini aynan «Liverpul»da davom ettirishni ustuvor variant sifatida ko‘rmoqda.
Biroq hozircha Angliya klubi tomonidan rasmiy transfer taklifi yuborilmagan.
Avvalroq ushbu transfer uchun asosiy da’vogar «Bayer» ekani aytilgandi. Leverkuzen klubi bir necha kun davomida PSJ bilan muzokaralar olib borgan va ikki klub o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi ekani ta’kidlangan.
Shuningdek, Mbaye avval «RB Leypsig»ga o‘tishga yaqin bo‘lgani, biroq Yan Diomandening PSJga transferi amalga oshmagach, ushbu bitim ham bekor bo‘lgani xabar qilingandi.
Ibrohim Mbaye PSJ akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy jamoa safida barcha musobaqalarda 42 ta uchrashuv o‘tkazib, 4 ta gol va 4 ta assist qayd etgan.
Futbolchining PSJ bilan amaldagi shartnomasi 2028-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, uning bozor qiymati 30 million yevroni tashkil etadi.