Livan Prezidenti Vashingtonga safar qiladi
Livan Prezidenti Jozef Aun Isroil bilan doiraviy kelishuv bo‘yicha muzokarani yakunlash maqsadida AQSHga tashrif buyurishni rejalashtirgan.
U iyul oyi oxiriga qadar Vashingtonda Prezident Donald Tramp bilan uchrashishi kutilyapti.
Livanning nufuzli “An-Nahor” gazetasi yozishicha, Jozef Aun shu oy oxiriga qadar Oq uyga rasmiy tashrif buyurishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Safar doirasida u Amerika rahbari bilan muzokara o‘tkazadi. Mazkur oliy darajali uchrashuv AQSH yetakchisi va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasida kechadigan muzokaradan so‘ng tashkil etiladi.
Gazeta alohida qayd etishicha, tashrif davomida Netanyaxu bilan bevosita muloqot nazarda tutilmagan. Avvalroq Jozef Aun AQSH ma’muriyatini Isroil qo‘shinini Livan hududidan olib chiqish jarayonini tezlashtirish uchun Tel-Avivga nisbatan bosimni kuchaytirishga chaqirgan edi.
Umuman, mazkur tashrif Livan-Isroil chegarasida barqarorlikni ta’minlash hamda doiraviy kelishuv bo‘yicha muzokarani ilgari surishda muhim qadam bo‘lishi kutilyapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA