Lex.uz platformasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yangi tashabbuslar muhokama qilindi
Mamlakatimizda huquqiy axborot tizimini raqamlashtirish, fuqarolarning undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlar bilan olib borilayotgan loyihalarning ahamiyati yuqori.
Adliya vazirligida Koreya Respublikasining KSP 2025/26 (Bilim almashish dasturi) loyihasi doirasida O‘zbekiston huquqiy axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Adliya vazirligi, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi hamda Koreya delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi, deyiladi vazirlik ma’lumotida.
Yig‘ilishda loyiha doirasida erishilgan natijalar sarhisob qilinib, huquqiy axborot tizimini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, elektron qonunchilik infratuzilmasini takomillashtirish hamda Lex.uz platformasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan Axborot strategiyasi (ISP) va uni amalga oshirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” taqdim etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar loyiha natijalari, istiqboldagi ustuvor vazifalar hamda yangi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashib, o‘z takliflarini bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur loyiha O‘zbekistonda zamonaviy huquqiy axborot tizimini rivojlantirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqiy axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda davlatning raqamli huquqiy infratuzilmasini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
M. Hojiakbarova, O‘zA