“Lazgi” muzeyi – mumtoz musiqiy obida
“Lazgi” ezgulik va go‘zallik, tinchlik va do‘stlik g‘oyalarini asrlar davomida tarannum etib kelayotgan, Xivaning muazzam minoralari kabi yuksaklik va ulug‘vorlik timsoli bo‘lgan mumtoz musiqiy obidadir”.
Davlatimiz rahbari joriy yil aprel oyida Xorazmda o‘tkazilgan “Lazgi” III xalqaro raqs festivali ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida “Lazgi”ni ana shunday ta’riflagan edi.
Darhaqiqat, “Lazgi” shunchaki o‘ynoqi raqs emas, uch ming yildan ziyod shonli tarix va madaniyatga ega bo‘lgan, xalqimiz qalbini, uning nafis tuyg‘ularini hayratlanarli darajada nozik harakatlar orqali ifoda etadigan noyob san’at durdonasidir.
Aynan ana shunday benazir xususiyatlariga ko‘ra, mazkur nodir asar 2019-yilda YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidan munosib joy egalladi.
So‘nggi yillarda “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” baleti jahondagi nufuzli sahnalarda muvaffaqiyatli namoyish etib kelinmoqda.
[gallery-31377]
Har yili Sharq gavhari bo‘lmish ko‘hna Xiva shahrida “Lazgi” III xalqaro raqs festivali musiqa va san’at bayrami sifatida o‘tkaziladi. Dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan 300 dan ziyod iste’dodli raqqosalar, professional raqs jamoalari, raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, sohaning yetuk mutaxassislari, faxriy mehmonlar ishtirok etadigan festivalga YUNESKO hamda TURKSOY kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar shafelik qiladi. Xalqaro raqs festivalini tomosha qilish uchun yuz minglab mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradi.
Endilikda san’at va ijod ixlosmandlari Xorazm Lazgi san’ati va uning boy tarixi bilan milliy san’atimizning yangi maskani “Lazgi” muzeyida tanishishlari mumkin.
Urganch shahridagi eng so‘lim hududda joylashgan zamonaviy muzey O‘zbekiston zamonaviy san’at muzeyining filiali sifatida tashkil etildi. O‘ndan ortiq bo‘limlariga ega bo‘lgan “Lazgi” muzeyi Xorazm vohasining betakror madaniy merosi, Lazgi raqsi va kuyining tarixi, an’analari hamda bugungi hayotini namoyon etuvchi maskandir.
– Muzey Xorazm xalqining boy tarixi, milliy qadriyatlari va san’atini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi rahbari Dilbar Bekchanova. – Bu yerda Lazgi raqsining qadimiy ildizlari, shakllanish bosqichlari va rivojlanish tarixi haqida qimmatli ma’lumotlar jamlangan. Muzey ekspozitsiyalarida Lazgi san’ati bilan bog‘liq tarixiy manbalar, fotosuratlar, milliy liboslar va musiqa anjomlari namoyish etiladi.
Tashrif buyuruvchilar Lazgining o‘ziga xos harakatlari, ohanglari va ijro an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.
Muzeyda Xorazm raqs va musiqa san’atining mashhur namoyandalari faoliyati ham keng yoritilgan. Bu raqs turining butun dunyoga ommalashishiga hissa qo‘shgan ko‘plab o‘zbek olimlari va san’atkorlari orasida O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining San’at nazariyasi va tarixi kafedrasi professori, Yevroosiyo Raqs akademiyasining faxriy akademigi Gavhar Matyoqubova alohida o‘rin tutadi.
– Men qariyb oltmish yildan ortiq vaqt mobaynida raqqosa-baletmeyster, etnograf va o‘zbek milliy raqs san’ati targ‘ibotchisi sifatida O‘zbekiston va boshqa xorijiy mamlakatlarda 200 dan ortiq raqslarni sahnalashtirdim, – deydi Gavhar Matyoqubova. – Milliy raqs san’atimizga bag‘ishlangan “Lazgi” (2017), “San’at fidoyisi” (2018), “Lazgi: sevgi va qalb raqsi” (Qohira, 2022), “Xorazm lazgi raqsi: tarix va tavsif” (2022), “Xorazm lazgisi tarixi” (2023) kabi kitoblar, “Xorazm raqs harakatlari nomlarining o‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha-turkcha qisqacha izohli lug‘ati” kabi risolalar va monografiyalar yaratdim. Ularning barchasini shu muzeydan topish mumkin. Hozir “O‘zbek va hind raqslari” hamda “Lazgining Avestoga oid ildizlari” monografiyalari ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqdaman. Ushbu muzey milliy raqs san’atini asrab-avaylash va rivojlantirish, yoshlarda san’atga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, ijodiy aloqalar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi.
Muzey Xorazmning madaniy turizm salohiyatini oshirish hamda mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Muzey zallarida zamonaviy texnologiyalar yordamida Lazgi tarixi va uning betakror ijro uslubi yanada qiziqarli va ta’sirchan tarzda namoyish etiladi. Bu yerda mehmonlar hatto raqs tushishlari, cholg‘ulardan ijro etib, kuylashlari ham mumkin.
– Muzeyimizda “Qayroq lazgisi”, “Dutor lazgisi”, “Surnay lazgisi”, “Masxaraboz lazgi”, “Saroy lazgi”, “Changak lazgi”, “Xiva lazgi”, “Garmon lazgi” va “Yallali lazgi” kabi “Lazgi”ning to‘qqizta turiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni uchratish mumkin, – deydi muzey direktori Kamron Saidov. – Ushbu eksponatlar mazkur raqsning qaysi davrlarda, qanday shakllangani to‘g‘risida ma’lumot beradi. Tarix fani asoschilaridan biri bo‘lgan Gerodot bundan 2500-yil avval “OKS”(Amudaryo) daryosi bo‘yida Xorazmiylar olov yoqib, gulxan atrofida raqsga tushganliklarini yozib qoldirgan. Bu yerda shunga o‘xshagan qiziqarli, tarixiy faktlar juda ko‘p.
“Lazgi” muzeyi tarix, san’at va milliy ruh uyg‘unlashgan, Xorazmning bebaho madaniy merosini dunyoga tanituvchi noyob maskandir.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)
O‘zA muxbirlari