Laylo Asatova: “Kasbim bugun mening faxrim”
Buxoro viloyati “Kogontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi gaz jihozlariga xizmat ko‘rsatish chilangari Laylo Asatova uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 31 yilligi qo‘shaloq keldi. Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.
– Bu mukofot aslida ta’minotda faoliyat olib borayotgan barcha xodimlarniki, – deydi “Shuhrat” medali sohibasi Laylo Asatova. – Bir yoqadan bosh chiqarib, bilmaganlarimni o‘rgatib, doimo meni qo‘llab kelgan hamkasblarimning ham o‘rni bor. Qanchalar murakkab bo‘lmasin, shu kasb egasi bo‘lganim bilan faxrlanaman.

Buxoro viloyatining Kogon tumanida tug‘ilgan Laylo opa bugun o‘z kasbidan faxrlanib gapiradi.
– 17 yildan ortiq vaqt davomidagi faoliyatim ko‘p narsani o‘rgatdi, – deydi Laylo Asatova. – Mas’uliyat, o‘zaro muloqot, sifatli ish uslubi, xavfsizlikni ta’minlash. Bularning barchasini ish jarayonida his etdim. Ko‘pchilik boshqa kasbni tanlasang bo‘lar edi, deb maslahat bergan. Ammo bugungi mehnatimni ko‘rib qanchalik havas qilganlarni ham ko‘rish mumkin. Kasbim bu mening faxrim hisoblanadi.

Chilangar ayolning o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqati sabab minglab insonlarning xavfsizligi ta’minlanmoqda. Quvonarlisi, u bugun kogonliklarning duosida. Qiziqib, “Dilkusho” ko‘chasida istiqomat qiluvchi Sayyora Abdullayeva bilan suhbatimiz davomida chilangar ayolning mehnati to‘g‘risida so‘radik.
– Gaz ta’minotida chilangar bo‘lish oson ish emas, – deydi Sayyora opa. – Insonlarning xavfsizligi, farovon turmushi aynan shu soha xodimlarining qo‘lida. Laylo singlimiz o‘z vaqtida kelib, ishini sifatli bajaradi. Qachondir muammo bo‘lsa bartaraf etadi. Gazdan to‘g‘ri foydalanish yo‘riqnomalarini berib o‘tadi. Asosiysi mas’uliyatli chilangar.

Aslida har birimiz o‘z xavfsizligimizga e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Katta mas’uliyat talab etadigan bu soha vakili esa xalq bilan birga yashaydi, ularning yashash sharoitini dildan his etadi. Ayniqsa, o‘z ishining ustasi sifatida barchaning ko‘nglidan joy olib kelayotgani unga yanada kuch va shijoat beradi.
Bugun Laylo opaning mehnatlari o‘z mevasini bermoqda. Buni chilanganrga ko‘rsatilgan ehtiromdan ham bilish mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA