Lavrov: Rossiya Eronni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi (+video)
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Eron siyosatini “adolatli ish” deb atadi. Bu haqda “Euronews” xabar bergan.
– Eronning ham, Rossiyaning ham ishi adolatli ekaniga ishonaman, – degan u Tehronda hamkasbi Abbos Arag‘chiy ishtirokida o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida.
Lavrov Vashington va Isroilni Eronga qarshi, o‘zining ta’biri bilan aytganda, hech qanday sababsiz harbiy amaliyot boshlashda aybladi. Shu bilan birga Moskva Tehronni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi.
Mazkur bayonot AQSH Prezidenti Moskvaga nisbatan iqtisodiy bosim yumshatilishi sababini e’lon qilgandan keyin yangradi. Tramp aytishicha, Rossiyaga qarshi yangi sanksiya Ukraina bilan urushni tugatishga qaratilgan muzokara jarayoniga xalaqit berishi mumkin. Shuningdek, u ayni harakat bilan RF Eronni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirmasligiga erishmoqchiligini bildirdi. Ya’ni, Moskvaga qarshi yangi iqtisodiy chora qo‘llab, Rossiyani muzokaradan uzoqlashtirmoqchi emasligini aytdi. Masalaga bunday yondashuv Trampning Rossiyaga qarshi sanksiyani nisbatan yumshatish haqidagi yaqinda qabul qilingan qarori tanqid qilinayotgan bir payt namoyon bo‘ldi.
– Hozir Rossiya – Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilishga intilyapmiz. RFni muzokara davrasidagi o‘rnidan ahmoqona harakat bilan uzoqlashtirib qo‘ymoqchi emasmiz, – deya qo‘shimcha qilgan Amerika rahbari.
Lavrov esa Rossiya Eronning AQSH va Isroil bilan mojarosini diplomatiya yordamida hal qilish uchun hissa qo‘shishga hamon tayyorligi, inqirozni AQSH va Isroil tomonidan boshlangan harbiy harakat keltirib chiqarganini ta’kidladi. Shuningdek, Tehron diplomatik sa’y-harakatni davom ettirishga tayyorligini olqishlab, tomonlarni Fors ko‘rfazi va Hurmuz bo‘g‘ozidagi mojaro boshlanishidan oldingi sharoitni qaytarishga chaqirdi.
Lavrov aytishicha, Moskva BMTda AQSH va Isroil tomonidan Eronga berilgan zarbalarni oqlashga urinishlarning oldini olishga harakat qilgan. Shu bilan birga Rossiya dori-darmon yetkazib berish va muntazam ravishda oziq-ovqat jo‘natish orqali hududga gumanitar yordam ko‘rsatgan.
Lavrov Moskva diplomatik qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, Tehron bilan iqtisodiy hamkorlikni ham davom ettirish niyatini aniq bildirdi.
– Murakkab vaziyatga qaramay, Rossiya Eron bilan iqtisodiyot, investitsiya sohalarida erishilgan kelishuvlarni to‘xtatmoqchi emas, – deya ta’kidladi Lavrov.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA