KXDRda birinchi marta koronavirus aniqlandi
Koreya Xalq Demokratik Respublikasida koronavirusning birinchi holati qayd etildi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar berdi.
Pxenyanda Prezident Kim Chen In ishtirokida mazkur mavzuga bag‘ishlangan Siyosiy byuro yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, epidemiya sababli mamlakatda yuzaga kelayotgan o‘ta jiddiy xavf ortidan barcha shaharlarda favqulodda vaziyat e’lon qilindi.
Bilamiz, mamlakat rasmiylari pandemiya boshlanganidan buyon mintaqada koronavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagani to‘g‘risida xabar berib kelayotgan edi. Afsuski, yakshanba kuni poytaxtda bemorlardan olingan namunalar koronavirusning “omikron” shtammi bilan mos kelishini ko‘rsatgan.
– KXDR yetakchisi ushbu kutilmagan inqirozni yengib o‘tishga va’da berdi, rasmiylarni virus tarqalishining oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rishga chaqirdi, – deyiladi xabarda.
Siyosiy byuro yig‘ilishida Kim Chen In chegarada, jumladan, dengiz va havoda hushyorlikni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Maqsad – mamlakat boshqaruvida barqarorlikni ta’minlash, virus tarqalishining oldini olish, bemorlarni davolashdan iborat.
O‘zA