KXDR Rossiyaga yana minglab askar yuboryaptimi?
Prezident Vladimir Zelenskiy Rossiya o‘z hududiga yana Shimoliy Koreya harbiylarini joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi. Ma’lum qilinishicha, Pxenyan Moskvaga qo‘shimcha ballistik raketa ham yetkazib bergan. Bu ma’lumotni tasdiqlovchi dalil yoki yangi qo‘shin yuborilishi muddati keltirilmagan. Ukraina yetakchisi dam olish kunlari RF hududiga 30-50 ming oralig‘ida KXDR fuqarosi yuborilishi bo‘yicha qaror qabul qilinganini aytgan edi.
Ta’kidlanishicha, Rossiya armiyasi endi “Shimoliy Koreya yordamisiz” urusha olmaydi.
Shuningdek, Kiyev rahbari Yaponiya va Janubiy Koreyani Ukrainaga havo mudofaasi vositalari yetkazib berishga chaqirdi. Uning fikricha, koreyslar ruslar tomonida turib jang tajribasini orttiryapti. Ayni holat KXDRning harbiy salohiyatini kuchaytirishi mumkin. Qo‘shimcha kuch haqidagi da’vo hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi harbiy aloqa 2024-yil iyunda Vladimir Putin va Kim Chen In o‘zaro mudofaa to‘g‘risida shartnoma imzolagandan keyin yanada kuchaydi. O‘sha yil oxirida koreys harbiylari Kursk viloyatidagi qarshi hujumda qatnashdi. Janubiy Koreya razvedka xizmati ma’lumotida jang payti qariyb 4 700 shimoliy koreyalik halok bo‘lgani yoki yaralangani, ulardan taxminan 2 000 nafari 2025-yil yanvar-mart oylarida vataniga qaytarilgani keltirilgan.
Shimoliy Koreya keyinchalik Kurskda Rossiyaga yordam berish uchun harbiylar yuborilganini birinchi marta rasman tasdiqladi. Janubiy Koreya Birlashuv vazirligi esa KXDR iqtisodiyotida ham tiklanish belgilari paydo bo‘layotganini qayd etgan. Tahlilchilar bu holatni ikki davlat savdo va harbiy hamkorligi kuchayishi bilan bog‘lamoqda. Ekspertlar bahosiga ko‘ra, KXDR RFga harbiy va o‘q-dori yetkazib berish evaziga iqtisodiy yordam hamda harbiy texnologiya olayotgan bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA