“Kvars”da yangi loyiha ishga tushdi
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida umumiy qiymati 71 million dollarlik loyiha ishga tushdi, 320 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
2021-2022 yillarda Farg‘ona viloyatida umumiy qiymati 6 trillion 338 milliard so‘mlik 89 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning samarasi sifatida 3 ming 500 ga yaqin ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Hududlarda qurilish materiallari ishlab chiqarish salmog‘i jadal rivojlanib, istiqbolli loyihalarga xorijiy investitsiyalar jalb etish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati kengaymoqda.
“Kvars” aksiyadorlik jamiyatida avtomobilsozlik, mebelsozlik, qurilish sanoati tarmoqlari uchun yuqori sifatli oyna va shisha mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida bu yerda kuniga 400 tonna – yiliga 22 million kvadrat metr silliqlangan qurilish oynasi (float) ishlab chiqarish loyihasi doirasida belgilangan ishlar to‘liq yakunlanib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Loyihani amalga oshirish uchun korxona mablag‘lari bilan birga 41 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb etildi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya va Xitoydan zamonaviy texnologiyalar olib kelib o‘rnatildi.
– Korxonada bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq marketing va menejment ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilib, xalqaro sifat standartlariga mos mahsulotlar ishlab chiqarish jarayoni tobora kengayib borayotir, – deydi ochilish marosimida so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. – Ishonamizki, korxona rahbariyati bu yutuqlar bilan chegaralanib qolmaydi. bugungi loyiha tashabbuskori ham korxona ishchi-mutaxassislarining o‘zi ekanligini inobatga olsak, yaqin istiqbolda “Kvars” nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda yirik sanoat korxonalaridan biriga aylanadi.
Loyiha menejeri, Xitoyning “Shanghay Ponu Technology” kompaniyasi mutaxassisi Dal Ching Dongning qayd etishicha, yangi loyihani ishga tushirish maqsadida Yevropa va Osiyo mamlakatlaridan qurilish oynasi ishlab chiqarish bo‘yicha eng so‘nggi rusumdagi asbob-uskuna, jihozlar olib kelindi. Bu elektr energiyasi sarfini ikki barobar kamaytirish, mahsulot tannarxini o‘ratacha 20-30 foizga arzonlashtirish imkonini bergani bilan ahamiyatlidir. Yaqin kelajakda esa ushbu loyihaning keyingi bosqichida kunlik qurilish oynasi ishlab chiqarish quvvatini 10 million kv. metrdan 32 million kv. metrgacha yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida mahalliy bozorning ushbu turdagi qurilish oynasiga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanib, ekport ko‘lami kengayadi.
Silliqlangan qurilish oynasi ishlab chiqarish sexida quvasoylik uch yuz nafardan ziyod ygit-qizlar muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi. Avazbek Jobirov shisha qaynatuvchi sifatida faoliyat boshladi. U bundan juda ham mamnun ekanligini aytib, kelajakda malakali mutaxassis bo‘lish uchun astoydil mehnat qilishini ta’kidladi.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA