Kuzgi ko‘chat ekishda bojxonachilar faol qatnashmoqda
Surxondaryo viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat o‘tqazib, yangi bog‘lar yaratish qizg‘in pallaga kirdi. Vohadagi tashkilot, korxona va muassasalar xodimlari ham kuzgi ko‘chat ekish yumushlarida faol ishtirok etib, viloyatda yashil makonlarni yanada kengaytirishga o‘z hissasini qo‘shayotir.
Mazkur loyihaning kuzgi mavsumida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari 14 ming tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekishni rejalashtirgan. Ayni kunlarda vohada tanlab olingan bo‘sh yerlar, bojxona postlari hududi va xizmat uylari atrofiga ezgu niyatlar bilan turli manzarali, mevali daraxt nihollari ekilmoqda.
Viloyat bojxonachilari hozirgacha bo‘sh maydonlar, boshqarma hovlisi hamda qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh “Ayritom”, “Gulbahor”, “Sariosiyo” chegara bojxona postlari va bojxona xodimlarining xizmat uylari yon atroflariga qariyb besh mingta ko‘chat o‘tqazdi.

– Sayyoramiz shiddat bilan rivojlanishi zamonaviy sanoat korxonalarining va boshqa qurilmalarning, avtotransport vositalarining chiqindi gazlari atmosferaning me’yoridan ortiq ifloslanishiga olib keldi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohro‘z O‘ralov. –Zararni kamaytirish uchun atmosferani tozalab, tevarak-atrofga toza havo ishlab chiqarib beradigan tabiiy yashilliklarga ehtiyoj ortib borayotir. Bu jarayonda turli o‘simlik va daraxtlar ishlab chiqaradigan kislorodning o‘rni bebahodir. Bunday ezgu ishga munosib ulush qo‘shish uchun mevali va manzarali daraxt nihollarini ekib, hududlarning o‘simlik dunyosini boyitishga alohida e’tibor beryapmiz.
Bojxonachilar ko‘chat ekishda uning mahalliy iqlimga mosligi va o‘suvchanligini, suv ta’minotini hisobga olib, tavsiya etilayotgan daraxt nihollarini o‘tqazmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri