Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik avjida
Toshkent viloyatida ko‘p qavatli uylarda amalga oshirilayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari hamda issiqlik ta’minoti bo‘yicha uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab jurnalistlar Nurafshon shahridagi Toshkent viloyati 1055 qisqa raqamli tezkor dispetcherlik xizmati faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda mutaxassislar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Xususan, aholiga kommunal xizmatlar bo‘yicha yuzaga kelayotgan murojaatlarni qabul qilish va ularni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida viloyat hokimi topshirig‘i bilan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi qoshida tezkor dispetcherlik xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda 15 nafar operatorlar 24 soat mobaynida xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Joriy yil boshidan hozirga qadar 1055 qisqa ishonch telefoniga 2 ming 162 ta murojaat qabul qilinib, ularning har biri tegishli tartibda mas’ul tashkilotlarga yo‘naltirilgan. Eng ko‘p murojaatlar elektr energiyasi bo‘yicha kelib tushgan. Shuningdek, ichimlik suvi bo‘yicha 10 foiz, tabiiy gaz bo‘yicha 15 foiz, kommunal masalalar bo‘yicha 5 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, dispetcherlar tomonidan fuqarolarga zaruriy tavsiyalar, tushunchalar ham berilmoqda.
[gallery-3506]
— Kelib tushayotgan murojaatlar tegishli tartibda hududlardagi sohaga aloqador mutasaddi tashkilotlarga yo‘naltiriladi, – deydi boshqarma huzuridagi 1055 dispetcherlik xizmati boshlig‘i Doston Alioxunov. – So‘ngra markaziy avariya dispetcherlik xizmati mutaxassislaridan iborat ishchi guruh murojaat kelib tushgan hududdagi nosozlikni bartaraf qiladi. Bundan tashqari, 1055 dispetcherlik xizmatining telegramm guruhi ham tashkil etilgan. Unda fuqarolarimiz o‘zlarini qiynab kelayotgan kommunal masalalar bo‘yicha o‘z murojaatlarini yo‘llashlari mumkin. Bunda qulay jihati inson uchun qimmatli bo‘lgan vaqt sarfi tejaladi.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari Chirchiq shahrida olib borilayotgan obodonlashtirish, rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi. Jumladan, bugungi kunda Amir Temur mahallasidagi “Madaniyat” ko‘chasi atrofida joylashgan ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, unga tutash joylarda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari olib borilyapti.
Bu yerlarda noqonuniy qurilmalar buzib tashlanib, atrof tozalanyapti. Reja bo‘yicha Toshkent viloyati hokimligi tomonidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ko‘p qavatli uylar mukammal ta’mirlanadi. Ko‘chalar asfalt qilinadi, yangi bolalar maydonchasi va avtoturargoh ham barpo qilinadi. Bu ishlar mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida yakunlanadi
Press-tur davomida jurnalistlar “Yubileynaya” qozonxonasini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari bilan tanishdi. Unda mutaxassislar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, Chirchiq shaxrining issiqlik tizimini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Jaxon Banki o‘rtasida kelishuv tasdiqlangan. Unga ko‘ra, Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaxri TS-8 ya’ni pilot zonalari tanlangan.
Chirchiqdagi “Yubileynaya” qozonxonasi binosida qurilish montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerga 25 MVt dan 3 ta qozon, 6 ta gorelka, 6 ta rasshiritelnыy bak, 2 ta individual issiqlik punktlari (ITP), 3 ta ekonomayzer, 6 ta sirkulyatsionnыy nasos, 7 ta tarmoq nasoslari, zaxira yoqilg‘isini saqlash uchun 2 ta bak (yomkost), 3 ta dыmosos, 3 ta ventelyatorlar, 2572 metr issiqlik quvurlari (PPU), elektr kabellari va NO‘A va A shkaflari olib kelindi.
Loyihaning birinchi bosqichida qozonxona binosi modernizatsiya qilinadi, 3 ta qozonlar va yordamchi uskunalar o‘rnatiladi, 2 kilometr issiqlik tarmoqlari almashtiriladi. 13 ta (872 xonadon) ko‘p qavatli uylarning ichki tizimlari qayta tiklanib 13 ta individual issiqlik punktlari (ITP), 2 ta ijtimoiy soha obektlariga 2 ta individual issiqlik punktlari (ITP) o‘rnatiladi.
– Mazkur qozonxona ishga tushganidan keyin hududdagi 8 ta mahalladagi 100 dan ortiq ko‘p qavatli uy, 28 ta ijtimoiy soha ob’ektini issiqlik ta’minoti bilan ta’minlaydi, – deydi viloyat Issiqlik manbai ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Ochilov. – E’tiborlisi isitish qozonlariyirik hajmda bo‘lib, u orqali kelgusida boshqa joylardagi binolarga ham issiqlik ta’minotini yetkazib berishga yordam beradi. Avvallari bu yer ancha ta’mirga muhtoj holatda bo‘lgan. Ko‘p energiya sarflanishi, xavfsizlik jihatlari talabga javob bermas edi. Endilikda zamonaviy jihozlar o‘rnatilganidan keyin qariyb 60 foiz gaz sarfi tejalyapti.
Navbatdagi manzil “Mumtoz Servis Chirchik shahar” boshqaruv servis kompaniyasi bo‘ldi. Ma’lumki, keyingi yillarda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish, issiqlik va ichimlik suv ta’minoti borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmokda. Joylarda samarasiz faoliyat yuritayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rniga yangi tajriba sifatida boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etildi. Ushbu yangi tuzilmalar sohadagi mavjud muammolarni tizimli bartaraf etish, aholiga qulaylik yaratishga xizmat qilmoqda.
Mazkur boshqaruv servis kompaniyasi shahardagi 6 ta mahalla 71 ta ko‘p kvartirali uyga kommunal xizmatlar ko‘rsatib keladi. Buning uchun servis kompaniyasi tomonidan 31 nafar malakali mutaxassis, maxsus avtotransport vositalari, asbob-uskunalar jalb qilingan.
– Mazkur amaliyot nafaqat aholi uchun, balki ko‘p yillar tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar va mutaxassislarga ancha qulaylik yaratdi, – deydi “Mumtoz Servis Chirchik shahar” BSK ta’sischisi Gulnora Otajonova. – Aholiga 30 xil turdagi servis xizmatlarini ko‘rsatamiz, undan 10 tasi majburiy sanitar texnik talablar asosidadir. Oxirgi 20 yil ichida bu joylarda issiqlik ta’minoti tizimli amalga oshirilmagan edi. Viloyat hokimining amaliy yordami bilan bu boradagi ishlar tartibga keltirilyapti.
Media-tur ishtirokchilari soha vakillari bilan suhbatlashdi. Kuz-qish mavsumini talofotlarsiz o‘tkazish, fuqarolarga qulaylik yaratish borasidagi vazifalar ijrosi haqida ma’lumot oldi.
A. Musayev, O‘zA