Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik
Mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari, uy-joy fondi va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash borasidagi saʼy-harakatlar tizimli tashkil etilyapti.
Mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari, uy-joy fondi va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash borasidagi saʼy-harakatlar tizimli tashkil etilyapti.
Xususan, maxsus ishchi guruh Toshkent shahrining Olmazor tumanida 8 ta yoʻnalish kesimida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini oʻrganishni boshladi. Unda 17 ta vazirlik va idoralar vakillari, boshqaruv servis kompaniyalari, shirkatlar, hokimiyat vakillari, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari va bir qator mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi.
Dastlab boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan Olmazor tumanidagi Qichqiriq va Boʻstonobod mahallalarida amalga oshirilgan ishlar taqdimoti oʻtkazildi. Koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash, unga tutash hududlarni obodonlashtirish borasidagi ish tajribasi oʻrganildi. Bugungi kunda koʻp qavatli, koʻp kvartirali uylardan foydalanishda mavjud muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish, binolar texnik holati qarovsiz qolishini oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, kelgusida mazkur tumandagi koʻp kvartirali uylar boshqaruvini boshqaruv servis kompaniyalariga berish rejalashtirilgan. Ushbu yangi tizim koʻp kvartirali uylarda yashovchi aholiga xizmat koʻrsatuvchi shirkatlarga qaraganda uylarning fasad qismlari, podval, tom va trotuar qismlarini namunaviy koʻrinishga keltirish boʻyicha loyihaviy ishlarni amalga oshiradi. Bu borada aholiga bir qator qulaylik yaratadi.