Kuz-qish mavsumida muammolar bo‘lmaydi
Ko‘p qavatli uy-joy fondini qish mavsumiga to‘liq tayyorlash maqsadida uy-joylarning 1 million 527 ming kvadrat metr tom qismi mukammal va joriy ta’mirdan chiqarildi. 9 ming 400 dan ortiq kirish yo‘laklari ta’mirlanib, eshiklarga kodli qulflar o‘rnatildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish, har bir xonadonda ichimlik suvi, issiqlik, gaz ta’minoti va boshqa maishiy qulayliklar yaratilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda iqtisodiyot tarmoqlarini, uy-joy fondi, ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumida uzluksiz ishlashga tayyorlash muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 27-iyundagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2014-2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori asosida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturida kommunal xo‘jalik, uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqa tegishli tarmoqlar zimmasiga tizimdagi ishlarni talab darajasida yo‘lga qo‘yish, iste’molchilarga kuz-qish mavsumida uzluksiz hamda sifatli xizmat ko‘rsatish borasida katta mas’uliyat yuklangan. Bu borada poytaxtimizda ham muayyan yumushlar bajarilmoqda.
Toshkent shahar hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qozonxonalar, issiqlik trassalarini kapital hamda joriy ta’mirlashga alohida e’tibor berilmoqda. Kuz-qish mavsumi oldidan barcha isitish tizimlari yuqori bosim ostida to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Ko‘p qavatli uy-joy fondini qish mavsumiga to‘liq tayyorlash maqsadida uy-joylarning 1 million 527 ming kvadrat metr tom qismi mukammal va joriy ta’mirdan chiqarildi. 9 ming 400 dan ortiq kirish yo‘laklari ta’mirlanib, eshiklarga kodli qulflar o‘rnatildi. Shu bilan birga, ko‘p qavatli uylardagi 1 ming 371 lift joriy ta’mirlanib, uylar atrofiga 368 bolalar maydonchalari qurildi hamda mavjud 1 ming 108 shunday maskanlar ta’mirlandi.
“O‘zkommunxizmat” agentligi tizimidagi korxonalar ham kuz-qish mavsumiga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 24 kilometr issiqlik, 12 kilometr gaz, 21 kilometr ichimlik, 5 kilometr oqova suv va 351 kilometr elektr tarmoqlari, 20 dan ortiq issiqlik yetkazib beruvchi qozonlar, 383 tranformator punktlari mukammal ta’mirdan chiqarildi. 770 kilometr issiqlik, ichimlik, oqova tarmoqlari, mingdan ortiq transformator punktlari hamda 540 dan ziyod issiqlik yetkazib beruvchi qozonlar joriy ta’mirlandi.
Kuz-qish davrini xotirjam o‘tkazishni ta’minlash maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar aholi turmush darajasini oshirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir ifodasidir.
Mirobod tumanidagi “Nukus kommunal” uy-joy mulkdorlari shirkati ham qishga puxta hozirlik ko‘rmoqda. Yonma-yon joylashgan to‘qqiz va to‘rt qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi mazkur shirkatda aholining qish mavsumini betalafot o‘tkazishi uchun barcha sharoit taxt qilib qo‘yilayotir.
– Ilgari uylarimizda ko‘plab muammolar mavjud edi, – deydi 4-uyda yashovchi Baxtiyor Toshmurodov. – Bolalarimizning o‘ynashi uchun joy yo‘q, atrofning sanitariya holati ham talabga javob bermas edi. Bugun uyimiz oldidagi orastalikni ko‘rgan kishining bahri dili ochiladi. Avvallari uylarning yerto‘lasida har doim suv, chiqindilar to‘planib yotardi. Hozir yerto‘la tozalanib, elektr o‘tkazildi, plastik quvurlar va elektron hisoblagichlar o‘rnatildi. Liftlar muntazam ishlab turibdi. Bolalar uchun barpo etilgan zamonaviy maydonchada turli o‘yin qurilmalari mavjudligi farzandlarimizni quvontirmoqda.
Yashnobod tumanidagi “Sherdor kommunalchi” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tarkibidagi yettita ko‘p qavatli uyning ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari sifatli ta’mirlandi. Bu ishlarning asosiy qismi aholi ko‘magida amalga oshirildi.
– Qishga tayyorgarlik jarayonida tizimdagi uylarning barcha yo‘laklariga temir eshiklar o‘rnatildi, ularning yettitasi kapital ta’mirdan chiqarildi, – deydi mazkur uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Gulmira Abdujabborova. – Uyning oldi panjara bilan o‘ralib, yo‘laklarga tosh yotqizildi. Mahalla faollari bilan hamkorlikda to‘lovlarni undirish, issiqlik va elektr energiyasidan, issiq va sovuq suvdan tejamkorlik bilan foydalanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ydik. “Ipotekabank”dan olingan 50 million so‘mlik kredit evaziga 2 ming 600 kvadrat metr tom ta’mirlandi. Xonadonlardagi isitish quvurlari zamonaviylariga almashtirilib, to‘rtta bolalar maydonchasi qurildi. Ayni paytda hududimizda istiqomat qilayotgan boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalarga bepul xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz
Ko‘p qavatli uy-joy fondining qish mavsumiga tayyorgarligi holati bo‘yicha joylarda jamoatchilik nazorati o‘rnatilib, ular tomonidan uy-joylardagi mavjud holat o‘rganilmoqda. Bajarilgan yumushlarning sifatini ta’minlash maqsadida mas’ul idoralar vakillaridan iborat jamoatchilik komissiyaslari tuzilgan bo‘lib, mazkur komissiya dalolatnomalari asosida ishlar qabul qilinayotir.
Amalga oshirilayotgan bunday ishlar tarmoqdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, xonadonlar va korxonalarning qish mavsumini muammosiz o‘tkazishini ta’minlash imkonini beradi.