Kuz – go‘zallik va saxovat fasli
Kuz – tabiat oltin tusga burkanib, bog‘u rog‘lar mo‘l hosilga to‘ladigan, bozorlar to‘kin-sochinlik kasb etadigan fayzli fasl. Uning har bir manzarasida o‘zgacha tarovat, har bir ne’matida esa ona zamin saxovati va mirishkor dehqonlar mehnatining samarasi mujassam.
Ayni kunlarda Farg‘onada kuzning betakror go‘zalligini har qadamda his etish mumkin. Bog‘larda pishib yetilgan oltinrang behilar, shoxlarda tovlanib turgan zarg‘aldoq xurmolar tabiat manzaralariga o‘zgacha joziba bag‘ishlamoqda. Hosil og‘irligidan egilgan daraxt shoxlari, mevalarning xushbo‘y ifori kuzning saxovatli fasl ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Farg‘ona shahri ko‘chalari va xiyobonlarida ham kuzning o‘ziga xos tarovati hukmron. Sarg‘ayishga yuz tutgan daraxt barglari, xazonrezgi va sokin manzaralar shahar qiyofasiga alohida fayz bag‘ishlamoqda. Daraxtlar orasidan taralayotgan quyosh nurlari, oltin va zarg‘aldoq ranglar uyg‘unligi ko‘ngillarga zavq, qalblarga xotirjamlik ulashadi.
Bozorlardagi fayzu baraka esa kuzning yana bir o‘ziga xos manzarasidir. Peshtaxtalarni to‘ldirgan turfa mevalar, shirin xurmolar, xushbo‘y behilar va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yurtimiz zaminining saxovati, dehqonu bog‘bonlarimizning yil davomidagi mashaqqatli mehnati samarasidan dalolat beradi.
[gallery-32235]
Darhaqiqat, kuz nafaqat tabiatning go‘zal fasli, balki mo‘l-ko‘lchilik, rizq-ro‘z va baraka timsolidir. Uning har bir rangida nafosat, har bir ne’matida mehnat qadri, har bir manzarasida esa o‘ziga xos fayz mujassam.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA