Kutubxonachilar “bibtexnika”dan qanday foydalanadi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim maktablari kutubxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida shu kunlarda hududlarga “bibtexnika” jamlanmalari yetkazib berilmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyatiga 1481 ta shunday jamlanma yetib keldi.


– Jamlanmadan inventar kitobi, kundalik daftar, alifboli kartochka, qaytaruv varaqasi singari kutubxonalar uchun zarur vositalar o‘rin olgan, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi shu’ba rahabari Jamshid Xushvaqtov. – Shu paytgacha kutubxonachilarimiz bunday vositalarni o‘zlari yasab yoki ta’lim muassasalari imkoniyatidan kelib chiqib, tayyorlab olishardi. Endi esa respublikamiz bo‘yicha barcha ta’lim muassasalarida kutubxonalar ishini tashkil etish va yuritishda bir xil talab va standart yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu albatti kutubxonalar ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bugun Samarqand viloyat bolalar kutubxonasida maktab kutubxonalari faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminarda ham bibtexnikalardan foydalanish bo‘yicha kutubxonachilarga zarur tavsiyalar berildi.


G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari