Kurash: Jahon chempionatining ramzi e’lon qilindi
Bu yil milliy sportimiz kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati Hindistonning madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Puna shahrida tashkil etiladi.
Tarixi milodiy 847 yilga borib taqaladigan shaharda 5 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Dengiz sathidan 560 metr balandlikda joylashgan bu shahar Hind diyoridagi Mula va Muta daryolari tutashgan nuqtada joylashgan.
200 ga yaqin turli tarixiy, arxeologik va diqqatga sazovor joylarga ega Punada o‘tadigan jahon chempionatida qatnashish uchun bugungacha 50 dan ziyod davlat terma jamoalari dastlabki talabnomalarni taqdim etdi. Chempionatning rasmiy ramzi e’lon qilindi, deya xabar bermoqda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi matbuot xizmati.
Chempionat doirasida Xalqaro kurash assotsiatsiyasining 19-kongressi hamda kurash hakamlari uchun seminar tashkil etiladi. Kongressda millatimiz nomi, xur bayrog‘imiz ranglaridan jilo olgan sport turining kelajakdagi rivoji borasida bir qator muhim qarorlar qabul qilinadi.
Milliy sportimiz kurashning xalqaro maydondagi ommaviyligini ta’minlashda muhim musobaqa bo‘lgan ushbu chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish borasida tashkiliy qo‘mita hamda Hindiston kurash federatsiyasi tomonidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur jahon chempionati joriy yilning 23-28 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA