Kurash haftaligi musobaqalari davom etmoqda
Poytaxtimizda kurash haftaligi musobaqalari qiziqarli va shiddatli bellashuvlarga boy o‘tmoqda.
Kecha kurash oyligi doirasida o‘tgan “O‘zbek polvoni” respublika turnirining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi. 10 ta vazn toifasida tashkil etilgan turnirda 100 nafardan ortiq davlat idoralari, tashkilotlari xodimlari g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.

Bellashuvlarda erkaklar, -73,-81,-90, -100, +100 kilogramm, ayollar -5, -63, -70, -78 va +78 kilo og‘irlikda o‘z hududi sharafini himoya qildi.
Murosasiz kechgan kurashlar natijasida Kamron Ahmedov, Ilhom Eshtursunov, Otabek Nurmatov, Qoshimboy Rasulov, Sarvinoz Esonova, Dinara Hayitova, Shirina Ibrayeva, Sohiba Eshtemirova va Diyora Jo‘raboyeva o‘z vazn toifalarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Medallar jamg‘arishda Samarqand (3-2-1), Toshkent (3-0-1), Qashqadaryo (2-1-1) viloyatlari jamoalari umumjamoada kuchli uchlikni tashkil etdi. G‘olib va sovrindorlar tegishli tartibda diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bugun prokuratura xodimlari o‘rtasidagi “Prokuror polvoni” bellashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Kurash haftaligi musobaqalari 17 noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA