Kurash bo‘yicha Hindiston chempionati o‘tkazildi
Milliy sportimiz kurash dunyoning ko‘plab davlatlarida keng rivoj topayotgani o‘tkazilayotgan xalqaro turnirlar, chempionatlar misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Kuni kecha Bihar shtati Patna shahrida tashkil etilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Hindiston chempionati o‘zbek sporti kurashning hind diyorida qanchalik ommalashib borayotganini ko‘rsatdi.
Uch kun davom etgan chempionatda mamlakatning 22 ta shtatidan 674 nafardan ziyod sportchilar kurash gilamida o‘z vazn toifalarida g‘oliblik uchun bellashdi.
O‘zbekona sport atamalari asosidagi bahslarni hindistonlik 35 nafar malakali hakamlar boshqarib bordi.
Musobaqalarni kuzatib borgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi texnik direktori, Hindiston kurash federatsiyasi prezidenti Ravi Kapur chempionat orqali istiqbolli sportchilarni aniqlash bilan bir qatorda, kurashning jozibasini keng yoyish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Chempionat yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Aytish lozim, milliy sportimiz kurash Hindiston sport tizimidagi muhim yakkakurash turlaridan biri sanaladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA