Kurash: 2025 yilning eng munosiblari taqdirlandi
Ortda qolayotgan 2025 yil mamlakatimiz sport hayotida unutilmas muvaffaqiyatlar, o‘ziga xos natijalar davri sifatida yodda qolmoqda.
Birgina milliy sportimiz kurashni xalqaro maydonda rivojlantirish, o‘zbek sport brendi sifatida dunyoga tanitish, umumjahon durdonasiga aylantirish borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.
Bahraynda o‘tgan yoshlar Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgani, Ar-Riyodda o‘tgan Islom birdamligi o‘yinlarida kurash musobaqalarining taqdimoti o‘tkazilgani, dunyoning ko‘plab davlatlarida turnir va chempionatlar, seminar va xalqaro mashg‘ulotlar tashkil etilgani azaliy qadriyatimiz kurashning xalqaro maydonda keng ommalashayotganidan dalolat deyish mumkin.
Poytaxtimizda 2025 yil davomida eng yaxshi natijalarga erishgan bir guruh sportchilar, murabbiylar, hakamlar hamda kurash sporti rivojiga munosib hissa qo‘shgan faollarni taqdirlash marosimida shu haqda so‘z bordi.
Marosimda ishtirok etgan Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi mas’ullari 3 ming yillik tarixga ega kurash fidoyi mutaxassislarning fidokorona mehnati tufayli xalqaro maydonda keng ommalashayotgani, mahoratli kurashchilarimizning yorqin g‘alabalari tufayli vatanimiz obro‘-e’tibori yuksalayotganini e’tirof etishdi.
Tadbir jarayonida yilning eng yaxshilari tegishli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA