“Kundalik” onlayn platformasi: natija va samaralar
Andijonda umumta’lim maktablarida kundalik avtomatlashgan axborot tizimidan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Ma’lumki, mamlakatimiz umumta’lim maktablarida o‘quvchilar bilimini baholab borish uchun yuritiladigan kundalikdan onlayn tartibida foydalanish tizimi amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda “Kundalik” mas’uliyati cheklangan jamiyati metodika bo‘limi tomonidan tashkil etilgan seminarda viloyatdagi umumta’lim maktablari direktorlari, o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, uslubiy birlashmalar rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarda umumta’lim maktablarida “Kundalik” onlayn platformasidan foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil etilib, yutuq va muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir davomida mutaxassislarning ta’lim jarayonida kundalik avtomatlashgan axborot tizimi bilan ishlash samaradorligini hamda ishtirokchilarning bu boradagi bilim va malakasini oshirish bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi. Unda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
[gallery-11188]
Ishtirokchilar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi. Yakunda “Kundalik” onlayn platformasida faol ishlayotgan umumta’lim maktablari vazirlikning tashakkurnoma va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA