Kunchiqar yurt investorlari - Farg‘onada
Farg‘ona shahrida yaponiyalik ishbilarmonlar hamda viloyat tadbirkorlari ishtirokida Farg‘ona-Yaponiya ikkinchi biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda kunchiqar yurtdan 40 dan ortiq yirik kompaniya vakillari onlayn va oflayn tarzda qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, an’ana tusini olgan ushbu tadbir O‘zbekiston-Yaponiya o‘rtasidagi savdo aloqalarini yanada jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, o‘tgan yilgi forum natijasida yaponiyalik ishbilarmonlar tomonidan Farg‘ona viloyatida 8 ta loyiha shakllantirilib, amaliyotga yo‘naltirilgan bo‘lsa, bu gal aynan shu loyihalar arxitektorlari va quruvchilari tadbirda shaxsan ishtirok etayotgani ma’lum qilindi.
Jumladan, yaponiyalik ishbilarmon Okuda Takefumi Farg‘ona shahridagi Ekoshahar hududida 3 gektar maydonda barpo etishga kirishilayotgan, qiymati 15 million dollarlik “Shogun city” yapon bog‘i, mehmonxona, restoranlar majmuasi loyihasining borishi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, boshqa yapon investorlari ham yangi loyihalari bilan tanishtirib o‘tdilar.
Farg‘ona viloyatining investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy salohiyati, xorijlik investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar to‘g‘risida forum ishtirokchilari uchun taqdimot o‘tkazildi.
[gallery-20494]
Forum doirasida yaponiyalik va farg‘onalik ishbilarmonlar o‘rtasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlarda hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama qilindi. Shuningdek, mehmonlar “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasidagi loyihalar, Farg‘ona shahridagi Ekoshahar qurilishi bilan tanishdilar, Rishton tumanidagi kulolchilik markazida bo‘ldilar.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA