Kun xabarlari – qisqa satrlarda
Shuningdek, zaruriy kiyim va uy roʻzgʻor buyyumlari yetkazib berildi.
Sirdaryo viloyati. Joriy yilning 1-may kuni Sardoba suv omborida yuzaga kelgan talofat va suv toshqini oqibatida Guliston shahri yuridik kollejiga hamda Sardoba tumani markaziga evakuatsiya qilingan jabr koʻrgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Sirdaryo viloyati Markaziy bank Bosh boshqarmasi, Qishloqqurilishbank hamda Xalq banklari tomonidan mingdan ziyod fuqarolarga osh damlab tarqatildi.
Shuningdek, zaruriy kiyim va uy roʻzgʻor buyyumlari yetkazib berildi.

* * * * *
Bugun erta tongda Sirdaryo tumani Baxt shahridagi kasb-hunar kolleji binosida tashkil etilgan shtabga homiylar va aholi tomonidan viloyatning Sardoba tumanidan evakuatsiya qilinganlar uchun turli oziq-ovqat mahsulotlari keltirildi.
Sardobalik vatandoshlarimizga ogʻir va sinovli kunlarda dalda boʻlish maqsadida Sirdaryo tumani maktabgacha talim boʻlimi, boshqa tashkilotlar oziq-ovqat mahsulotlari hamda kiyim kechak, oddiy fuqarolar esa oʻz uylarida pishirgan issiq ovqat hamda gigiyenik vositalar olib borib begʻaraz yordam koʻrsatdilar.

Bugungi sinovli kunlarda tobora mustahkamlanib borayotgan xalqimiz oʻrtasidagi mehr-oqibatga koʻz tegmasin.
* * * * *
Joriy yil 1-may kuni Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori oʻpirilishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelganligi holati yuzasidan JKning 207-moddasi 1-qismi va 258-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini olib borish DXX organlariga yuklatildi.
* * * * *
Jizzax viloyati. Sardobadagi suv toshqinidan evakuatsiya qilingan 3 mingdan ortiq fuqarolarga Jizzax viloyati Paxtakor tuman hokimligi boshchiligida yotoq-joy bilan taʼminlanib, tadbirkorlar tomonidan bir necha bosh qoʻchqor soʻyilib, doshqozonda osh damlandi.
– Paxtakorliklar mehmondoʻst, bagʻrikeng saxovatli xalq ekan, mehmondoʻstliklari uchun ming-ming rahmat, – deydi Birlik qishloq fuqarolar yigʻinida yashovchi Gulbahor Qilicheva.
– Toʻgʻrisi, vahimaga tushib qolgan edik, qayerga boramiz, qayerda yotamiz, nima kiyyamizu, nima yeb, nima ichamiz? deb, Avvalo Prezidentimizga ming rahmat, rejalashtirib, joy-joyiga qoʻyibdilar. Issiqqina, hamma sharoiti bor, oppoq toʻshak toʻshalgan, top-toza joylar, uch mahal issiq ovqat, kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak, hatto ishonsangiz, bolamizga taglik(pampers)gacha taʼminlashdi, yon qoʻshnimiz Paxtakor tumani, Jizzax viloyati hokimliklaridan minnatdormiz, – deydi Soliha Omonboyeva.
Bayram oshi – toshqin sabab Paxtakor tumanidagi kasb-hunar kollejiga olib kelingan 330, Navbahor qishloq fuqarolar yigʻinidagi maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirilgan 130 nafar hamda 2 ming 500 dan ortiq evakutsiya qilingan fuqarolar tumandagi sahovatpesha insonlarning xonadonlariga joylashtirilgan sardobaliklarga ham dosh qozonda osh damlanib, uyma-uy tarqatildi.
* * * * *
Jizzax viloyati Doʻstlik tumaniga vaqtincha joylashtirilgan 900 nafarga yaqin Sirdaryo viloyati Oqoltin va Sardoba tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar oʻz uylariga kuzatib qoʻyildi.
Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Doʻstlik tumaniga joylashtirilgan Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani Fargʻona hamda Gulzor mahalla fuqarolar yigʻinidan 500 nafar, Sardoba tumani Otayurt va Birlik mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi 400 nafar fuqarolar 1-may kungi suv toshqinidan bexatar boʻlganligi sababli, bugun kunning ikkinchi yarmida Doʻstlik tuman IIB xodimlari kuzatuvida oʻz uylariga kuzatib qoʻyildi.